Jamiyat | 17:42 / 19.11.2018
14083
9 daqiqa o‘qiladi

VMning qarori bilan sotilgan bino tadbirkordan qaytarib olindi – bu qanchalik to‘g‘ri?

Iqtisodiy sud ham, Oliy sud ham Vazirlar Mahkamasining qarori bilan xususiy mulk shaklida sotilgan binoga doir bitimlarni bekor qildi - tadbirkorga yetkazilgan moddiy zararni kim qoplaydi?

Video: Tas-IX

Video: Youtube

«Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi… Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi». Mazkur iqtibos «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zR qonunidan olindi.

Men maqolani O‘zbekistonda amalda bo‘lgan, uni hozircha hech kim bekor qilmagan qonundan iqtibos bilan boshlashim bejiz emas. Chunki ushbu qonun talabiga har doim ham birdek amal qilinayapti, deb bo‘lmaydi. Bu ayniqsa, adolatni tiklashi zarur bo‘lgan Sud hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilsa, dodingni kimga aytasan!? Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ilovaga kiritilgan hamda kim oshdi savdosi orqali sotilgan binoni oradan salkam 12 yil o‘tganidan so‘ng, qancha mablag‘ va sarmoya kiritgach, qaytarib olishsa va sen hech vaqosiz qolsang, seni hech kim tinglamasa, jilla qursa, tovon puli berishni xayollariga ham keltirishmasa, bundan tashqari, qonunchilik talablariga ko‘r-ko‘rona rioya qilinmasa, nima qilasiz!

KUN.UZ tahririyatiga Toshkent viloyati Qibray tumanida tadbirkorlik, ya'ni chinni idishlarga dekorativ naqsh solish bilan shug‘ullanuvchi «Muborak Fayz» mas'uliyati cheklangan jamiyatidan yuqoridagi mazmunda murojaat kelib tushdi. Biz muammo qanday yuz bergani, nima uchun ularning binosi qaytarib olinganiga oydinlik kiritish maqsadida jamiyat rahbari Mahkamov Asrorxon bilan muloqot qildik.

«Muborak Fayz» MChJ  2016 yil 21 yanvarda «Nodira-M» XK bilan shartnoma tuzib, Qibray tumani Yuqori Yuz mahallasida joylashgan, Genetika va o‘simliklar eksperimental instituti hududida joylashgan sun'iy iqlim yaratish laboratoriyasi korpusini sotib oldik. Shundan so‘ng, xitoylik hamkorlar bilan chinni idishlarga naqsh solish bo‘yicha ishlab chiqarishni tashkil etdik. Ishlab chiqarish to‘liq Xitoydan xorijiy sarmoya asosida keltirilgan texnologiyalar yordamida yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerga 200 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritildi. Xullas, Surxondaryo va Samarqanddagi chinni zavodlar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi, ish faoliyati boshlandi», - deydi Mahkamov Asrorxon. 

Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil avgustida Monopoliyadan chiqarish, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Muborak Fayz» MChJ ustidan Laboratoriya binosi noqonuniy sotilgani, shu sababli binoni qaytarishni so‘rab, sudga da'vo arizasi kiritgan. 

«Bu biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki, «Nodira-M» XK binoni sotib olganiga doir barcha hujjatlarni taqdim etgan edi. Laboratoriya binosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 7 sentabrdagi 420-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida ro‘yxat shakllantirilgan va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ko‘chmas mulk birjasi orqali belgilangan tartibda sotiladigan obektlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan», - dedi tadbirkor biz bilan suhbatda.

Tadbirkorni ajablantirayotgan jihat shundaki, Monopoliyadan chiqarish, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati filiali aynan Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida binoni bir necha bor kim oshdi birja savdosiga chiqaradi. Biroq, unga xaridor-talabgorlar bo‘lmagani sababli 2006 yil 25 yanvardagi 07/06-sonli shartnoma asosida «Nodira-M» XKga sotilgan. 

2017 yil 23 avgustda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi da'vo talabini qondirish va ushbu bino bilan bog‘liq barcha oldi-sotdi shartnomalari, bankka garovga qo‘yish hollarini noqonuniy deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarorini qabul qilgan. 2017 yil 31 oktabr kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudining apellyatsiya instansiyasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan. 

Ikkala sudda ham nizoli bino O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi RTsGSIN va «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi ro‘yxatida bo‘lgani, «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida» qonunning 4-moddasi, 6-bandiga binoan, ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib boruvchi, rentgen uskunalari, asbob-uskunalar va jihozlarni ishlab chiqish, tayyorlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obektlar xususiylashtirilmagani, shunday ekan, bino sotilishi noqonuniy bo‘lgani qayd etilgan. 

Sud ishida, shuningdek, O‘zR FVV 2017 yil 12 may kuni nizoli obektda radiatsiya tekshiruvini o‘tkazgani va ionlovchi nurlanish yuqori ekani aniqlangani ta'kidlangan.

Ammo, barcha sud instansiyalari, negadir «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida» Qonun borligini, unda jumladan, «xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi», degan talab mavjudligini yodga olishmagan. 

Xullas, bino sud tartibida o‘zining avvalgi balansda saqlovchisiga qaytarilgan. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham «Nodira-M» xususiy korxonasining nazorat tartibidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqib, avvalgi ikki sud qarorlarini o‘z kuchida qoldirishga qaror qilgan. 

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan 2017 yil 26 avgustda taqdim etilgan xatida aytilishicha,  «Muborak Fayz» MChJ dekorativ chinnilarni bo‘yoqlash korxonasi foydalanayotgan 2-qavatdagi xonalarda 60 nuqtada gamma-nurlanish dozaviy quvvati 0,13-0,18 mkZv/soatni tashkil etdi, ya'ni me'yorga nisbatan mosligi aniqlandi», deya qayd etilgan. 

E'tirof etish kerakki, «binoning radiatsiyaviy ekologiya va mutagenez izlanishlar laboratoriyasining yon qismidan 2,5 metr masofada 1 m2 maydonda hamda bino orqa tomonidagi laboratoriyasi radiatsiyaviy ekologiya va mutagenez izlanishlar radioaktiv moddalar saqlash omborxonasining oynasidan tashqi hududida 3 metr masofada anomal nuqta aniqlangani» aytiladi. 

Ammo, sudlarning hech biri tadbirkor puliga kuyib qolaveradimi, degan savolni o‘zlariga berib ko‘rmagan yoki bunga e'tibor qaratmagan. Mazkur binoning xususiylashtirilishi mumkin emas, sud ishlarida keltirilgan vajlarning barchasi to‘g‘ri ham deylik, binoning Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 7 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 420-sonli qarori bilan tasdiqlangan ilovaga qanday kirib qolganiga kim e'tibor qaratadi? 

Sotish mumkin bo‘lmagan bino Hukumat qarori bilan sotilgan bo‘lsa, tadbirkor yonidan pul sarflab, unga sarmoya kiritgan, endilikda, u mablag‘idan, mulkidan ayrilib turgan bo‘lsa, uning ko‘rayotgan zararini kim qoplaydi, kim tovon puli beradi? Yoxud yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib, tadbirkor ham vaqtiga ham puliga kuyib qolaveradimi?

Yo bo‘lmasa, maqola avvalida keltirganimiz, xususiylashtirish natijasi qayta ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘yiladimi?

Tolib Rahmatov KUN.UZ muxbiri
Muhammadjon G‘aniyev KUN.UZ operator

Mavzuga oid