Jamiyat | 10:10 / 20.11.2018
2084
3 daqiqa o‘qiladi

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarini berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan uchrashdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda mamlakatimizda tibbiyot sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar, shuningdek, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida ko‘plab imkoniyatlar mavjudligiga e'tibor qaratildi.

Jumladan, Alisher Shodmonov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshib borayotgani, sohada qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlar, istiqboldagi reja va dasturlar haqida atroflicha ma'lumot berib o‘tgan.

«Mamlakatingizdagi tibbiyot sohasiga oid o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. E'tiborli tomoni, dunyoning biror davlatida kuzatilmagan holat, so‘nggi ikki yil ichida sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilishga qaratilgan 130ga yaqin hujjat imzolangani diqqatga sazovor. Tibbiyot tizimini isloh qilish bo‘yicha 2025 yilgacha mo‘ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ham atroflicha o‘rganib, takliflarimizni berdik. Ishonamanki, dunyo davlatlarining eng ilg‘or tajribalarini o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu konsepsiya tizimni yanada rivojlantirish, aholi salomatligini asrash barobarida, soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini ham beradi», – degan Jujanna Yakab.

Bugun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda «Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakabning O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid