O‘zbekiston | 14:14 / 21.11.2018
4545
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston respublikada ijtimoiy obektlar quradigan O‘zbekiston kompaniyalarini soliqlardan ozod etish niyatida

Foto: 123RF

Tojikiston mamlakatning turli mintaqalarida maktablar va shifoxona quradigan Xitoyning ikkita, O‘zbekistonning ikkita va Turkmanistonning bitta kompaniyasiga soliq imtiyozlari taqdim etish niyatida. Hukumatga 2019 yilga mo‘ljallangan davlat byudjyeti to‘g‘risidagi qonunga tegishli normani kiritish taklif qilinmoqda, deya xabar beradi Asia-Plus.

Xususan, Fayzobod tumanidagi Elok qishlog‘i va Vahdat shahridagi Chorda qishlog‘ida maktablar qurilishini qo‘shilgan qiymat solig‘i, foydalanuvchilardan olinuvchi yo‘l solig‘i va daromad solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda. Ushbu maktablarni Xitoyning «TBEA» kompaniyasi quryapti.

Shunga o‘xshash imtiyozlar Xitoyning boshqa kompaniyasi - «Sinoxaydro»ga ham taqdim etiladi: u Bo‘xtar, Levakand shaharlari va Dang‘ara tumanida maktablar qurish niyatida.

Turkmanistonning Tojikistondagi elchixonasi ham imtiyozlar oladi, u Do‘stiy tumanidagi Ergash Sultonov xo‘jaligida 540 o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘rta maktab barpo etmoqda.

Spitamen tumanida 630 kishiga mo‘ljallangan o‘rta maktab va Kubodiyon tumanida tibbiyot kompleksi qurayotgan o‘zbek kompaniyalari ham soliqdan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, yuqorida ko‘rsatilgan obektlar qurilishi uchun buyurmachilar va bosh pudratchilar tomonidan amalga oshiriluvchi tovarlar importi Tojikiston hukumati tomonidan tasdiqlanayotgan ro‘yxat hamda hajm bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i va boj to‘lovlaridan ozod bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rahmon va Ismoilov Tojikiston-O‘zbekiston hamkorligini muhokama qilishgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid