O‘zbekiston | 23:19 / 26.11.2018
6170
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Boshlangan islohotlar amaliyotga kengroq joriy etilishi kerak

O‘zbekiston prezidentining Inson huquqlari sohasidagi islohotlarni olqishlash mumkin. International Partnership for Human Rights (Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik) tashkiloti vakili Brijit Dyufor Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shunday fikrni bildirdi. Shu bilan birga, islohotlar amaliyotga ko‘proq ko‘chishi maqsadga muvofiq. 

2018 yil 22-23 noyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Anjuman faoliyatini yoritgan Kun.uz muxbiri International Partnership for Human Rights (IPHR) tashkiloti vakili Brijit Dyufordan (Brigitte Dufour) qisqa intervyu oldi. Quyida uning Kun.uz muxbiri savollariga bergan javoblari bilan tanishishingiz mumkin.

Tolib Rahmatov: – O‘zbekistonda Inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholaysiz?

Brijit Dyufor: – Savolingiz uchun rahmat. Tashkilotimning qarashi shundayki, islohotlar olqishlanishi kerak. Biz Prezident tomonidan intilishlar borligini ko‘rmoqdamiz, biroq ehtiyotkorlikka iqtisodiy sabablar asos bo‘layotgani ehtimol. Shu bilan bir vaqtda, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlar hayotga tatbiq etilayotganini ko‘rmayapmiz. 

Biz joylarda ko‘p ham o‘zgarishlarni guvoh bo‘lganimiz yo‘q. Biz davlat mulozimlari bilan uchrashganimizda ko‘plab ijobiy jihatlarni eshitayapmiz. Ammo, hayotda kam uchratmoqdamiz. 
Misol uchun, xalqaro tashkilotlar ekspertlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tojikiston, Qirg‘izistondan ko‘plab huquq himoyachilari qatnashdi. Ammo, O‘zbekistonning nohukumat tashkilotlari vakillari juda kamchilikni tashkil etdi. Chunki, bizlarni taklif qilishgan, lekin ularni ilgariroq taklif qilishmagan. 

Joylardagi haqiqiy holat haqida gapiradigan bo‘lsak, qog‘ozda yozilayotgan narsalar hayotga tatbiq etilishi juda muhimdir. Bunda fuqarolik jamiyatlari o‘rni beqiyosdir. Biz O‘zbekistonda ko‘plab huquq himoyachilari xususida qayg‘urmoqdamiz, afsuski, ko‘plab hamkorlarimiz NNTlarini ro‘yxatdan o‘tkaza olishmagan. Chunki, ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lish ham juda murakkab jarayondir.

T.R.: – Samarqand Forumidan nimalarni kutmoqdasiz?

B.D.: – Menimcha, bu forum hozircha, ramziy ma'noga ega. Balandparvoz gaplar va anjumanlar, mamlakatning ochiqligini ko‘rsatishi kerakdek. Shu bilan birga, eng muhimi, bu gaplar ajoyib bog‘larda gapirilmayapti, balki aynan shu yerda insonlar uchun tashkil etildi. Shu boisdan ham, men o‘z chiqishimda ham aytganimdek, ushbu maydonda yangragan barcha ma'ruzalar natijalari O‘zbekiston huquq himoyachilariga taqdim etilishiga ishonch hosil qilish kerak. Umid qilamanki, shunday ham bo‘ladi. Biz, hukumatda huquq himoyachilaridan xavotir olishlariga asos yo‘qligi borasida tushunish paydo bo‘ladi, degan umiddamiz. Ularning barchasi fuqarolik jamiyati barpo etishda qonuniy o‘z o‘rniga ega.

T.R.: – Va so‘nggi savolim. Tashkilotingiz yaqin kelajakda Toshkentda o‘z idorasini ochishni rejalashtirmoqdami?

B.D.: – Mening tashkilotim boshqa mamlakatlarda vakolatxonalarini ochmaydi, balki biz fuqarolik jamiyatlarida mavjudlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz milliy tashkilotlarga ko‘mak berishga harakat qilamiz. Ya'ni, NNT uchun qulay muhit barpo etish, ularga xalqaro darajada ovozga ega bo‘lishlari uchun yordam berishga, qo‘llab-quvvatlashga urinamiz. Biz mahalliy nodavlat-notijorat tashkilotlari, mahalliy huquq himoyachilari bemalol faoliyat yuritishlari uchun o‘zlarining idoralarini ochishlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

So‘nggi vaqtlarda qamoqxonalardan ozod qilinganlar bo‘ldi. Biroq, ular reabilitatsiya qilinganicha yo‘q. Ular hamon xavfli jinoyatchilar kabi hisoblanmoqda. Ular bugungi kunda ozodlikka chiqqan, biroq o‘zlari tashkil qilayotgan NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘siqlarga duch kelmoqda. Shuning uchun ham ularni oqlash ham zarur.

Mavzuga oid