Osiyo mintaqasida Inson huquqlarini himoya qilish vazifasi bilan shug‘ullanuvchi yagona tizim yo‘q. Osiyoda BMT Inson huquqlari oliy komissari maxsus vakili, BMT Kengashining Inson huquqlari maxsus oliy komissarligi va kelishuv idoralari bo‘yicha departamenti direktori Odam Abdulmula Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi doirasida shunday bayonot berdi. Uning fikricha, hozirda, shunday tizimni barpo etishning ayni vaqtidir, deb xabar qilmoqda forumda ishtirok etayotgan KUN.UZ muxbiri.

«Haqiqatdan ham Osiyo mintaqasi dunyoning boshqa mintaqalaridan farqli o‘laroq, Inson huquqlarini ta'minlash borasida yagona tizimga ega emas. Bunday tizim haqida fikr almashish va uni tashkil etishning ayni vaqti kelgan, deb o‘ylayman. Menimcha, mazkur forum doirasida ushbu savolni muhokama qilgan holda boshqa mintaqalarda bo‘lgani kabi Osiyoda ham Inson huquqlarini himoya qiluvchi yagona tizimni tashkil etish borasida fikr almashamiz», - dedi Odam Abdulmula.   

Odam Abdulmula

Abdulmulaning ta'kidlashicha, bu borada BMTning u rahbarlik qilayotgan departamenti Osiyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekistonga ham bu borada ko‘mak berishga shaydir. 

«Bu borada bizning departamentimiz, ya'ni BMT Kengashining Inson huquqlari maxsus oliy komissarligi va kelishuv idoralari bo‘yicha departamenti O‘zbekiston va Osiyo davlatlariga shunday tizimni tashkil etishda ko‘maklashishga doimo tayyor. Qayd etish joizki, O‘zbekiston so‘nggi bir yilda bu borada ilg‘or tajribaga ega bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, bu sohaga doir qator tavsiyalar berildi, bir necha hisobotlar e'lon qilindi», - deya qayd etdi departament direktori.

U, shuningdek O‘zbekistonning Inson huquqlari borasidagi qator konvensiyalariga ham tez orada qo‘shilishiga umid qilishini bildirdi. 

«Shu bilan birga, O‘zbekiston yaqin orada Qiynoqlarga barham berish va boshqa inson huquqlari hamda erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga tez orada qo‘shiladi, degan ishonch bildirib qolaman», - dedi Odam Abdulmula. 

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va BMTTD doimiy vakili Helena Freyzer ham Forumning ikki kunlik faoliyati xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.  

Helena Freyzer