Sport | 19:00 / 26.11.2018
6318
2 daqiqa o‘qiladi

Ramos doping qoidalarini buzishda ayblanmoqda

«Real» himoyachisi Serxio Ramos La Liganing o‘tgan mavsumida «Malaga»ga qarshi o‘yindan keyin aksildoping qoidalarini buzganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Football Leaks tadqiqotlarida yozilgan.

Germaniyaning Der Spiegel nashri «Malaga» – «Real» o‘yini bo‘yicha doping-nazoratchilari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning bir qismini taqdim etdi.

«Sportchi Serxio Ramos mendan siydik namunalari topshirishdan avval cho‘milib olishga ruxsat so‘radi. Men AEPSAD (Ispaniya antidoping agentligi) qoidalari bunga ruxsat bermasligini aytdim.

Sportchi va «Real» shifokori norozilik bildirishdi. Ular menga «Real» futbolchilariga nafaqat UYeFA homiyligi ostidagi turnirlarda, balki La Liga o‘yinlaridan keyin ham futbolchi yolg‘iz yuvinishi mumkinligini aytib o‘tishdi.

Men bundan bexabarligim, unga dush qabul qilishga ruxsat bera olmasligimni aytdim. 

U mening ogohlantirishimni inkor etdi va mening guvohligimda, «Malaga» stadionidagi doping-nazorat xonasida yuvindi.

Men unga bu holatni hisobotga kiritishmni bildirdim, u bunga ahamiyat qaratmadi», – deyilgan hisobotda.

Bunday qoidabuzarlikka nisbatan qattiq jazo belgilangan: «Real» 300 ming yevro miqdorida jarimaga tortilishi, ochkolardan mahrum etilishi va hatto quyi ligaga tushirib yuborilishi, Ramosning o‘zi esa – 4 yillik diskvalifikatsiyaga duchor bo‘lishi mumkin.

Ramos antidoping qoidalarini buzgani bo‘yicha ayblovga munosabat bildirdi: «Malaga, 2018 yilning apreli. O‘yin tugagach, mendan doping-test topshirishni so‘rashdi.

Madridga qaytishimiz kerak edi, vaqt tig‘izligi tufayli, rasmiy shaxs menga yuvinib olishga ruxsat berdi. U bu vaqt davomida meni ko‘zdan qochirmadi. Shundan keyin men doping-testdan o‘tdim».

Mavzuga oid