O‘zbekiston | 20:10 / 27.11.2018
16384
5 daqiqa o‘qiladi

Islom – ayolni e'zozlagan din: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ayollarni e'zozlashga chaqirmoqda

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abluhasan “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlikka sari” tadbirida ayollarga nisbatan hurmat islom dinida yuqori darajada ekanini ta'kidlab, bunga izoh berdi.

“Biz 15 asrga yaqin vaqt davomida islom dinini dunyoga tarannum etuvchi xalq sifatida tanilganmiz. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqida gapirganimizda birmuncha uyalishimiz kerak, chunki islom dini nozil bo‘lganidan keyin ayollarga nisbatan hurmat yuqori darajaga ko‘tarildi. Islomdan avvalgi johiliya davrida ayollar inson sifatida tan olinmagan.

Alloh taolo Qur'oni karimda “Niso”, ya'ni “Ayollar” surasini nozil qilganidan keyin eng zabardast xalifalardan, ya'ni ikkinchi xalifa Hazrati Umar (raziyallohu anhu) “Alloh taolo “Niso” surasini tushirmasa, ayollarni umuman e'tiborga olmas ekanmiz”, deganlar, chunki sahobalar, ayniqsa zodagon sahobalar 5 yoshli qizini tiriklayin ko‘mganini yig‘lab eslashgan. Oilada qiz bolaning dunyoga kelishi or hisoblangan. Kambag‘al oilalarda qiz bola tug‘ilsa, uning peshonasiga cho‘rilik tamg‘asi bosilgan, uning avlodlari ham shu tariqa tahqirlangan. O‘sha davrlarda zodagonlar tug‘ilgan kunlariga bir-biriga 4-5 nafarlab qizlarni tortiq qilishgan, ya'ni qiz bolalar qandaydir bir buyum sifatida sovg‘a qilingan.

Buning oldini olish maqsadida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ko‘plab hadisi shariflarida ayollarni yuqoriga ko‘targanlar. “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, “Yaxshilikni eng avvalo onangga, onangga, onangga va undan keyingina otangga qil”, “Uch qiz farzandni tarbiya qilgan erkak jannatiydir”, deb bejiz aytilmaydi, ularda katta ma'no bor”, - deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Nuriymon Abulhasanning so‘zlariga ko‘ra, “Niso” shunday bir suraki, unda ayollarning huquqlarini ta'minlash uchun barcha ko‘rsatmalar o‘z aksini topgan. Eng qiziqarli dalil shundan iboratki, “Niso” surasida “erkaklar” so‘zi necha marotaba takrorlangan bo‘lsa, “ayollar” so‘zi ham xuddi shuncha takrorlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shu tariqa ayollar bilan erkaklar baravar haq-huquqqa ega ekanligiga ishora qilgan.

Shu o‘rinda Rasululloh (s.a.v.) hadislaridan misollar keltirildi:

“Ey insonlar, ayollar haqlariga rioya etingiz. Ular bilan mehr-shafqat ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Ayollar sizlarga Allohning omonatidir, ularni Alloh nomi bilan oldingiz. Ular amri ilohiy ila sizlarga halol bo‘ldi. Sizlarning xotinlaringiz ustida haqlaringiz bo‘lgani kabi, xotinlaringizning ham sizlarda haqlari bor”.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dan “Bizlarning zimmamizdagi xotinlarimizning haqlari nimada?” deb so‘raganlarida ular  shunday javob berdilar: “O‘zing ovqatlanganingda unga ham yedirmog‘ing, o‘zing libos kiyganingda uni ham kiyintirmoqliging va unga xushmuomala bo‘lmoqliging zarur. Hech qachon uning yuziga urma. Hech qachon Allohni o‘rtaga qo‘yib, uni so‘kma. Uyingdan tashqariga chiqib ketib, arazlab yurmagin”.

Muqaddas Islom dini ayollarni shunday madh etib turgan paytda musulmon aholisi bugungi kunda eng ko‘p bo‘lib turgan O‘zbekiston ahliga ma'ruzalar va davra suhbatlari orqali ayollarga hurmat qanday bo‘lishi kerakligiga oid ma'lumotlar yetkazilmoqda. Kuni  kecha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasida shu mavzudagi “Ayolni e'zozlagan din” kitobi nashrdan chiqdi. 16 kun ichida barcha diniy ta'lim muassasalarida uning taqdimoti tashkil qilinmoqda.

Bundan tashqari, Xalqaro Islom akademiyasida ham alohida davra suhbatlari tashkil etiladi. Kelayotgan juma kuni barcha jome' masjidlarda tezislarda ayollar mavzusiga alohida urg‘u bergan holda, musulmon kishining ayollarga munosabati qanday bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritiladi.

O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat ekanini hisobga olgan holda, Salim qori Qodirovning “Ayolni e'zozlagan din” kitobi yaqin orada qoraqalpoq va rus tillarida ham chop etilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid