Jamiyat | 19:30 / 27.11.2018
7222
3 daqiqa o‘qiladi

«Murojaatchilar qayerga murojaat qilishni bilmaydi». Akmal Saidov fuqarolarning huquqiy ongini o‘stirish kerakligini ta'kidladi

Foto: Xalqaro press-klub

27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida akademik Akmal Xolmatovich Saidovning «O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi» nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Inson huquqlari milliy markazi raisi Akmal Saidov o‘zi ma'ruza qildi. Muallif O‘zbekistonning birinchi konstitutsiyasini tayyorlashda, muhokama etish va qabul qilishda Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining normalari hisobga olinganini ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda asosiy masala sifatida bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlarining konstitutsiyaviy himoyasi qay darajada ta'minlanmoqda, qomusimizda belgilab qo‘yilgan normalarga amal qilinishi borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda kabi savollar o‘rtaga tashlandi.

«Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga kelib tushayotgan xatlardan aniqlanishicha, murojaatchilarning 80 foizi qayerga murojaat qilishni bilmaydi. Bu fuqarolarimizning huquqiy ongini o‘stirishimiz kerak degani. Jamiyatda hamma muammolarni faqatgina qonun bilan yechib bo‘lmaydi. Bu butun jamiyatning ishi bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, konstitutsiyamizning XIV bob 64- va 66-moddalarining sanksiya qismi mavjud emas. 64-moddaga qaraydigan bo‘lsak, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Lekin bizda mehribonlik uylarida voyaga yetmagan farzandlar bor. Yoki 66-moddani oladigan bo‘lsak, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Bizda qariyalar uyida ko‘plab yoshi katta fuqarolarimiz ham bor. Demak, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bu moddalarni oxiriga yetkazishimiz kerak», – deya Saidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uchrashuvda asosiy masala sifatida bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlarining konstitutsiyaviy himoyasi qay darajada ta'minlanmoqda, qomusimizda belgilab qo‘yilgan normalarga amal qilinishi borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda kabi savollar o‘rtaga tashlandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid