Light | 21:45 / 06.12.2018
15473
5 daqiqa o‘qiladi

Iste'molchilarga sotuvchidan foydali maslahatlar

Odatda oziq-ovqatni xarid qilish chog‘ida mahsulot sifati, uning qadog‘idagi yaroqlilik muddati bilan bog‘liq savollar paydo bo‘ladi. Kun.uz quyida mahsulot sifati va yaroqlilik muddatiga bog‘liq eng ko‘p beriladigan savollarga mutaxassislar tomonidan bildirilgan javoblarni taqdim etadi.

Oziq-ovqat mahsuloti xarididan so‘ng, uning sifatidan qoniqmagan yoki jabr ko‘rish holatida iste'molchi kimga murojaat qiladi: do‘kon egasigami yoki ishlab chiqaruvchiga?

Mahsulotning sifati va xavfsizligiga birinchi o‘rinda ishlab chiqaruvchi javobgardir. Ammo, mahsulot sifati uni saqlash sharoiti, tashish va realizatsiya qilish qoidalariga rioya etilmaganligi sababli buzilganligi aniqlansa, savdo tashkiloti zararni qoplashi kerak bo‘ladi.

Mahsulot haqidagi batafsil ma'lumotni xaridor kimdan olishi mumkin?

Agar sizni oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir, saqlash sharoiti, yaroqlilik muddati va narxi kabi ma'lumotlar qiziqtirsa, do‘kon xizmatchilaridan bemalol so‘rab olishingiz mumkin.

«Har bir mahsulotning o‘ramida xaridor uchun ahamiyatli bo‘lgan ma'lumotlar qayd etilgan bo‘ladi. Do‘kon personaliga ham muntazam ravishda o‘tkaziladigan treninglarda mahsulotlar, ularning xususiyatlari haqida ma'lumot beriladi. Demak, xaridor bemalol sotuvchiga o‘zini qiziqtirgan savol bilan murojaat qilishi mumkin», deydi korzinka.uz do‘konlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov.

Qadoqlangan tovarlarning yaroqlilik muddati singari ma'lumotlar uning o‘ramida ko‘rsatiladi. Ammo non va non mahsulotlari, meva-sabzavot, suzma kabilarnikichi?

Qadoqlanmagan mahsulotlarning yaroqlilik muddati bir necha kunni tashkil etadi: non mahsulotlari — 16 soatdan 36 soatgacha, suzma — 3 sutka, meva va sabzavotlar — salqin sharoitda 5 kungacha saqlanadi.

Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar nima qilinadi?

Bu tadbirkor bilan tuzilgan kelishuvga bog‘liq. Aksariyat hollarda mahsulot yaroqlilik muddatining tugashiga kam vaqt qolganda u ishlab chiqaruvchiga qaytarib beriladi, ba'zi hollarda esa do‘konning o‘zi mahsulotni sotuvdan chetlashtirish va belgilangan me'yorga ko‘ra utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.

Ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotining tarkibini to‘liq ko‘rsatmaslikka haqqi bormi? Bo‘lsa qanday hollarda?

Har qanday mahsulot qat'iy belgilangan me'yoriy hujjatlar asosida ishlab chiqariladi. «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, mahsulot qadog‘ida unning to‘liq tarkibi va nima maqsadda ishlatilishi ko‘rsatilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Qonunning 14-moddasiga muvofiq, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yaroqlilik muddati yaqinlashib qolgan mahsulotni arzon narxda, aksiya tarzida sotish mumkinmi?

«​Yaroqlilik muddati o‘tishiga kam vaqt qolgan mahsulotni arzon yoki aksiya tarzida sotish egasi tomonidan hal etiladi. Tovarlar aksiyasi uning ishlab chiqaruvchisi bilan maslahatlashgan holda tashkillashtiriladi. Bu aksiya tijoriy nuqtai nazardan har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi inobatga olinadi»​, - deb ta'kidlaydi Zafar Hoshimov.

Mahsulotning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, lekin iste'molchi bila turib uni biron maqsadda ishlatish uchun xarid qilmoqchi bo‘lganda sotish mumkinmi?

Mumkin emas. Qonunga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni savdo rastasiga qo‘yilishi taqiqlanadi.

Eskirgan non va non mahsulotlarining taqdiri nima bo‘ladi?

Inson iste'moli uchun yaroqsiz bo‘lgan mahsulot veterinariya xizmati mutaxassislari xulosasi asosida chorva mollari yoki hayvonlarga yem sifatida berilishi mumkin, bu masalani mahsulotning egasi hal etadi.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassislari supermarket va do‘konlarda savdo qoidalarini tekshirish davriyligi qanday belgilangan? Xaridorlarning shikoyati do‘kon faoliyatini tekshirish uchun asos bo‘ladimi?

DSENM mutaxassislariga supermarket va do‘konlarni hattoki shikoyat kelib tushganda ham tekshirish vakolati berilmagan. Tekshirish uchun tegishli tashkilotdan ruxsat berilgandagina supermarket va do‘konlarni o‘rnatilgan tartibda buyruq asosida ko‘rib chiqish mumkin.​

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Mavzuga oid