Jamiyat | 21:27 / 07.12.2018
8774
2 daqiqa o‘qiladi

40 ming dollarni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs jazolandi

2018 yilning 9 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudi binosida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida 40 000 AQSh dollari savdosini amalga oshirmoqchi bo‘lgan, valyutaga oid jinoyatni sodir etgan sudlanuvchi Muzaffar Komiljonovich Ro‘zimovga nisbatan hukm o‘qildi. 

36 yoshli Muzaffar Ro‘zimov 2018 yil 16 sentabr kuni, soat 21:09lar chamasi, fuqaro M.Radjapovga 40.000 AQSh dollarining har birini 8.120 so‘mdan hisoblab, jami 324.800.000 so‘mga sotishni aytib, kelishilgan 40.000 AQSh dollaridan 20.000 AQSh dollarini berib, juda ko‘p miqdordagi valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda qasddan o‘tkazib, 162.400.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida o‘tkazilgan tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan. M.Ro‘zimov sud muhokamasida aybiga iqrorlik bildirgan. 

Jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama, sinchiklab tekshirilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 211, 454-457, 462-468-moddalariga amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,177-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan sudlanuvchi M.Ro‘zimovga nisbatan 1 yil muddatga, sutkaning soat 22:00dan ertalabki 06:00gacha bo‘lgan davrida turar joyidan chiqishni cheklashdan iborat bo‘lgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davrida yana qo‘shimcha tegishli taqiqlar ham qo‘llanildi. 

Jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb topilgan va AT «Xalq banki»ning Yangibozor filialiga saqlash maqsadida topshirib qo‘yilgan 20.000 AQSh dollari sud hukmiga asosan davlat foydasiga musodara qilindi.

Mavzuga oid