23:43 / 08.12.2018
21624

Yaponiya 345 ming xorijiy ishchini qabul qilishga tayyor

Foto: Depositphotos

Yaponiya parlamentining yuqori palatasi tonggi soat 4gacha cho‘zilgan murosasiz debatlardan keyin mamlakatga kirishni nazorat qilish haqidagi qonunga tuzatmalarni qabul qildi.  

Tuzatmalar 2019 yil 1 aprelda kuchga kirgandan keyin 5 yil ichida qurilish, keksa odamlarni parvarishlash, qishloq xo‘jaligi va shu kabi 14 ta sohada 345 ming xorijiy ishchi mamlakatga kira oladi.

Ishchilar ixtisosligi bo‘yicha ikki toifaga bo‘linadi. Birinchi toifa ishchilar mamlakatda oilasi bilan birga yashash huquqisiz 5 yillik kirish huquqini oladi. Ikkinchi toifa ishchilarga esa mamlakatda qolish muddatini uzaytirish va o‘zlari bilan birga oila a'zolarini olib kelish imkoni beriladi.

Shu bilan birga tuzatmalarda ishchi kuchiga talab qondirilsa, davlat kirish uchun ruxsatlar berilishini to‘xtatishi mumkinligi ta'kidlab o‘tilgan.  

Qonunning qabul qilinishi past malakali ishchi kuchining yetishmayotgani va davlatning xorijiy ishchilarni yollashga qonuniy ko‘rinish berishi bilan asoslangan. Oxirgi yillarda xorijiy ishchilar Yaponiyaga “ta'lim olish” ko‘rinishida kirmoqda. Amaliyotda bunday yo‘l bilan kelgan xorijiy ishchilarning huquqlariga amal qilinmaydi, ular arzimagan pulga og‘ir sharoitlarda ishlaydi.

Qonun qabul qilinayotgan kunlar og‘ir mehnat sharoitlari va huquqlari poymol qilinishi sababli tushkunlikka tushib o‘z joniga qasd qilishlardan Yaponiyada 2015 yildan 2017 yilgacha 69 nafar xorijiy ishchi hayotdan ko‘z yumgani ma'lum bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top