O‘zbekiston | 16:15 / 08.12.2018
7689
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlanadi

Foto: Fotolia

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida sog‘liqni saqlash vazirining “Patologik-anatomik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, kasallik sababli vafot etgan bemorlarning murdalari biologik o‘lim tasdiqlanganidan keyin davolash-profilaktika muassasalari bazalaridagi patologik- anatomik bo‘limlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo patologik-anatomik byurolari hamda Respublika patologik anatomiya markaziga bemor kasallik tarixidagi muassasa rahbarining yozma ko‘rsatmasi bilan patologik-anatomik tekshiruvidan o‘tkazish uchun yuboriladi. Murda bir kun mobaynida autopsiya tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Quyidagi holatlarda patologoanatom shifokori autopsiya ishini bajarishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilishi lozim:

patologoanatom shifokori o‘lgan shaxsning qarindoshi bo‘lsa;

patologoanatom shifokorining davolash shifokoriga qarindoshlik aloqasi bo‘lsa yoki uning manfaatiga nisbatan moyillik kuzatilsa;

patologoanatomning xolisligi va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa. 

Quyidagi holatlarda murdalarni yorib tekshirmasdan berib yuborish qat'iyan taqiqlanadi:

bemor davolash-profilaktika muassasalariga kelganidan keyin bir sutka o‘tmasdan vafot etgan bo‘lsa;

o‘lim yuqumli kasalliklar oqibatida yuz bersa yoki kasallikka gumon qilinsa;

bemorning tirikligida qo‘yilgan tashxisi noaniq bo‘lsa (bemorning kasalxonaga kelganidan buyon qancha muddat o‘tganidan qat'i nazar);

o‘lim diagnostik, tibbiy asbob-uskuna yordamida tekshirish hamda davo muolajalari (jarrohlik muolajalari, qon quyish vaqtida yoki ulardan keyin, dori-darmonlarning miqdori oshirib yuborilganda yoki ularni ko‘tara olmaslik natijasida bo‘ladigan jarayonlar va hokazo) vaqtida yoki undan keyin yuz bersa;

onalar o‘limi, ya'ni o‘lim homiladorlik davomida, tug‘uruq jarayonida, tug‘uruqdan keyin 42 kungacha yuz bergan bo‘lsa (muddatidan qat'i nazar);

bola o‘lik tug‘ilgan yoki o‘lim hayotining birinchi haftasida (perinatal o‘lim) yuz bersa, davolash-profilaktika muassasalarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi sodir bo‘lsa;

muddatli harbiy xizmatchilarning kasallik tufayli o‘lim holatlari yuz berganda.

Davolash-profilaktika muassasalarining ma'muriyati yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda vafot etganlar murdasini albatta yorib tekshirish uchun javobgardir.

Murdani patologik-anatomik tekshirish vaqtida sudga oid tibbiy tekshiruv o‘tkazish talab qilinadigan o‘lim sabablaridan birortasi aniqlansa, yorish to‘xtatiladi. Patologoanatom shifokori murdaning barcha a'zo va to‘qimalarini sudga oid tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun saqlab qolish choralarini ko‘radi. Patologik-anatomik tekshiruvlarning bajarib qo‘yilgan qismiga bayonnoma tuziladi va mazkur bayonnomaning oxirida sudga oid tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun asos bo‘lgan holat ko‘rsatiladi.

Patologik-anatomik tekshiruvlarning bajarib qo‘yilgan qismi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni boshlagan shifokor ushbu bayonnomaning bir nusxasini keyinchalik ekspertiza tadqiqotida foydalanish maqsadida murdani sudga oid tibbiy ekspertiza o‘tkazadigan shifokorga taqdim etishi, bayonnomaning ikkinchi nusxasi sudga oid tibbiy ekspertiza o‘tkazayotgan shifokorning qabul qilib olganligini tasdiqlovchi imzosi bilan patologik-anatomik muassasada saqlanishi shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid