Jahon | 09:43 / 10.12.2018
4297
2 daqiqa o‘qiladi

Karlos Gon hibsga olinishi oldidan Nissan prezidentini bo‘shatmoqchi bo‘lgan – OAV

Foto: Regis Duvignau/Reuters

Frantsuz-yapon avtomobilsozlik alyansi Renault-Nissan-Mitsubishi’ning sobiq rahbari Karlos Gon Tokio prokuraturasi tomonidan hibsga olinishidan biroz oldin Nissan prezidenti Xiroto Saikavuni lavozimidan bo‘shatmoqchi bo‘lgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri ma'lum qildi.  

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Gon noyabr oxirida Nissan boshqaruvi yig‘ilishida Saikavuni almashtirishni taklif qilmoqchi bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Gonning bu qarori Nissan’ning AQShdagi savdosi pastligi va Yaponiyada ishlab chiqariluvchi avtomobillar sifatidagi muammolar bilan bog‘langan bo‘lgan. 

Gon 19 noyabrda hibsga olinishidan oldin bir necha oy davomida Nissan rahbariyatida o‘zgartirishlar amalga oshirmoqchiligini u yoki bu tarzda bildirib kelgan. Bundan tashqari, u bu rejalarini kompaniyaning top-menejyerlari bilan muhokama qilgan. 

Gon hibsga olingandan keyin Nissan va u bilan bog‘langan Mitsubishi Motors kompaniyasi direktorlar kengashi raisi lavozimlaridan chetlatilgan. U hozircha Renault rahbari bo‘lib qolmoqda.

Gon va unga yaqin kishilardan biri, Nissan direktorlar kengashi a'zosi Greg Kelli 19 noyabrda Yaponiya moliyaviy qonunchiligini buzish gumoni bilan hibsga olingan. Xususan, Gon 5 yil davomida Nissan rahbari lavozimidagi ishi uchun olgan 10 mlrd iyenning (89 mln dollar) faqatgina yarminigina deklaratsiya qilganlikda gumon qilinmoqda. 

Mavzuga oid