Jahon | 21:45 / 10.12.2018
12465
2 daqiqa o‘qiladi

Osloda tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari taqdirlandi

Foto: AP/Christian Lutz

Norvegiya poytaxti Osloda tinchlik uchun Nobel mukofoti topshirilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. 2018 yilda ushbu mukofotga kongolik ginekolog Denis Mukvege va iroqlik Nadya Murod loyiq deb topildilar. Ularga diplomlar va medallar topshirildi. Taqdirlash marosimi Oslodagi shahar ratushasida bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilda tinchlik uchun Nobel mukofoti jinsiy zo‘ravonlikni urush va qurolli ixtiloflarda qurol sifatida qo‘llanishini to‘xtatishga qaratilgan sa'y-harakatlar uchun topshirildi. Ushbu mukofot sovrindorlari nomi oktabrda e'lon qilingandi.  

«Ularning umumiy kurashi uchta oddiy bayonotdan iborat. Nomusga tegish va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllari har qanday urushda nojoiz qurol hisoblanadi. Urush yoki ixtilofda harbiy strategiyaning bir qismi sifatida zo‘ravonlikning tizimli ravishda qo‘llanishi harbiy jinoyat hisoblanadi», deb aytgan Norvegiya Nobel qo‘mitasi raisi Berit Reyss-Andersen.

Reyss-Andersenning ta'kidlashicha, bu jinoyatlar uchun javobgarlar jazoga tortilishi lozim. Raisning aytishicha, ikki sovrindor aynan shu qarashlarni ilgari surishadi.

Denis Mukvege – kongolik ginekolog bo‘lib, zo‘ravonliklar qurbonlari bo‘lgan ayollarga ko‘maklashuvchi gospitalga asos solgan. 63 yoshli shifokor ginekologik jarohatlarni davolash sohasida eng yirik zamonaviy mutaxassis sifatida tan olingan. Ma'lum qilinishicha, u harbiy ixtiloflar vaqtida minglab ayollarga yordam ko‘rsatgan. BMTning inson huquqlari bo‘yicha mukofoti sovrindori va Saxarov nomidagi mukofot sohibi hisoblanadi. 

Nadya Murod – 25 yoshli iroqlik huquq himoyachisi bo‘lib, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining ezgu niyat vakili hisoblanadi. Saxarov nomidagi mukofot sohibasi. Time jurnali tomonidan 2016 yilda eng kuchli ta'sirga ega 100 ayol ro‘yxatiga kiritilgan. 

Mavzuga oid