09:15 / 12.12.2018
5048

Vakolatli iqtisodiy operatorlar qanday afzalliklarga ega?

Davlat bojxona qo‘mitasi Vakolatli iqtisodiy operatorning faoliyatini shakllantirish va tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 fevraldan boshlab mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan talablarga javob beradigan, tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni nazarda tutuvchi vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti joriy etiladi.
 
Vakolatli iqtisodiy operator – O‘zbekiston qonun hujjatlariga muvofiq bojxona operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillardan foydalanuvchi yuridik shaxs. Operatorlarni «A» va «B» toifalariga bo‘lish taklif qilinmoqda.
 
«A» toifasiga ega bo‘lgan operatorga quyidagi maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillar taqdim etiladi:

• tovarlarni birinchi navbatda deklaratsiyalash va chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan bojxona operatsiyalarini amalga oshirish;
• tovarlarni bojxona kuzatuvisiz va tashish yo‘nalishini belgilamasdan tashish;
• bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlamagan holda operatorning tovarini jo‘nash bojxona organidan borish joyigacha yetkazib berish;
• tovarlarni operatorning binolari, ochiq maydonchalari va boshqa hududlarida bojxona nazorati ostiga joylashtirish;
• tovarlarni chiqarish bilan bog‘liq bojxona operatsiyalarini bojxona organlari tomonidan oldindan ro‘yxatdan o‘tkazilgan operatorning binolari, ochiq maydonchalari va boshqa hududlarida o‘tkazish;
• operatorning transport vositasi bilan bojxona tranziti amalga oshirilganda bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minotini taqdim etish talabini qo‘ymaslik;
• bojxona to‘lovlarini 60 kalendar kungacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat bergan, bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minotini taqdim etmagan holda tovarlarni erkin muomalaga chiqarish.
 
«B» toifasiga ega bo‘lgan operatorga qo‘shimcha ravishda quyidagi maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillar taqdim etiladi:

• tovarlarni chiqarishda bojxona qiymati shartli belgilanganda bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlash talabini qo‘ymaslik;
• ayrim hujjatlar (muvofiqlik sertifikati) bo‘lmaganda, ularni 60 kalendar kun ichida keyinchalik taqdim etgan holda tovarlarni (oziq-ovqat tovarlari va farmatsevtika mahsulotlari bundan mustasno) shartli chiqarish;
• bojxonaning ijobiy xulosasi olinganidan keyin transport vositalarining yukxonalari (bo‘lmalari) yoki ularning qismlariga, eksportga jo‘natilayotgan tovarlarga operator qo‘ygan plombalarning bojxona organlari tomonidan identifikatsiya vositalari sifatida tan olinishi;
• bojxona to‘lovlarini 60 kalendar kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat bergan, bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minotini taqdim etmagan holda tovarlarni erkin muomalaga chiqarish;
• davlat bojxona xizmati organlari tomonidan o‘tkaziladigan, bojxona operatsiyalarini amalga oshirish vaqtini qisqartirish va tartibini maqbullashtirishga yo‘naltirilgan pilot loyihalar va eksperimentlarda ustuvor tartibda ishtirok etish;
• bojxonaga oid masalalarni muvofiqlashtirish va hal etishda operatorga ko‘maklashish maqsadida bojxona xizmatining mas'ul xodimini tayinlash.
 
«B» toifasining maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillariga ega bo‘lish uchun tashkilot «A» toifasini olgan kundan e'tiboran kamida 24 oy davomida «A» toifasiga ega bo‘lgan operator sifatida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi kerak. Yuridik shaxs maxsus reyestrga kiritilgan kundan boshlab maxsus soddalashtirilgan tartib-taomillar toifasi kuchga kiradi va cheklanmagan amal qilish muddatiga ega bo‘ladi.
 
Reyestrga kiritishlari uchun yuridik shaxs DBQga ariza topshiradi, unga quyidagilar ilova qilinadi:

• rahbar muhri va imzosi bilan tasdiqlangan yuridik shaxsning ta'sis hujjatlari nusxalari;
• ariza topshirgunga qadar yuridik shaxsda oxirgi 6 kalendar oyda bojxona va soliq to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 500 000 AQSh dollari miqdoridagi ta'minot sifatida bank kafolati.
 
Loyihada vakolatli iqtisodiy operator muvofiq kelishi shart bo‘lgan talablar, shuningdek uning faoliyatini tartibga soluvchi normalar batafsil bayon etilgan.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top