Prezident tashrifi vaqtida Qarshida to‘qimachilik korxonasining ikkinchi bosqichi ishga tushirildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga safari doirasida Qarshi shahridagi Sulton tex group korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dasturdan o‘rin olgan bo‘lib, davlat rahbarining viloyatga avvalgi tashriflari chog‘ida bajarilayotgan ishlar haqida ma'lumot berilgan edi.
Qisqa vaqtda sobiq paxta zavodiga qarashli qarovsiz yerda zamonaviy korxona barpo etilgan. Shveytsariya va Yaponiyadan eng so‘nggi rusumdagi tozalash, yigirish va o‘rash uskunalari keltirib o‘rnatilgan. Birinchi bosqichda ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 300 nafarga yaqin odam ish bilan ta'minlangan.
Joriy yilning o‘tgan davrida 12 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot Polsha, Turkiya, Eron, Misr kabi o‘nga yaqin mamlakatga eksport qilinib, 50 milliard so‘mlik mahsulot ichki bozorga yetkazib berildi.
Korxonada tolani tozalashdan tortib, o‘rashgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatik tarzda boshqariladi. Bu yerdagi laboratoriyada tola va ip sifati nazorat qilib boriladi.
Davlat rahbari ushbu laboratoriyani ham ko‘zdan kechirib, ishchilar bilan suhbatlashgan.
Prezidentning tashrifi chog‘ida loyihaning ikkinchi bosqichi – yiliga 3 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega to‘quv fabrikasi faoliyatiga start berildi.
Umumiy qiymati 53 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan korxonaning navbatdagi bosqichlarida mato to‘qish, uni bo‘yash, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Jumladan, tikuv mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish fabrikasi 2019 yil yanvar oyida ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning qiymati 3 million dollardan iborat bo‘lib, ishlab chiqarish uskunalari Yevropaning ilg‘or texnologiyalaridan iborat. Fabrika ishga tushishi natijasida 700ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 9 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
E'tiborli jihati, bugungi kunda korxonada eng samarali iqtisodiy tizim bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil qilingan bo‘lib, buning uchun Qarshi tumani hududidan 10 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ya'ni, paxta yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot qilib sotishgacha bo‘lgan jarayon ushbu korxonaning o‘zida amalga oshiriladi. Bu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirish va sifatini oshirishga erishiladi.
Shavkat Mirziyoyev korxonaning keyingi bosqichlarini ham tezroq ishga tushirish, tayyor mahsulot turlarini va eksport geografiyasi yanada kengaytirish, paxta-to‘qimachilik klasterini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda Singapurning «Indorama» kompaniyasi tomonidan Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida paxta to‘qimachilik klasterlari tashkil etish, O‘zbekistonning Polsha, Eron Islom Respublikasi, Buyuk Britaniyadagi elchixonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan rejalar taqdimoti o‘tkazildi.
Mavzuga oid
14:36
Imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi
09:05 / 07.11.2024
Qashqadaryo viloyati hokimiga Britaniyadan maslahatchi tayinlandi
13:17 / 20.10.2024
Qashqadaryodagi YTHda Nexia ikkiga bo‘linib ketdi. Haydovchi halok bo‘ldi
17:21 / 08.10.2024