Jahon | 21:02 / 14.12.2018
23251
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik o‘z uyida yarim asr avval bedarak yo‘qolgan otasining suyaklarini topdi

Foto: Fotolia / mario beauregard

AQShning Long-Aylendida yashovchi Mayk Kerroll o‘z uyining yerto‘lasida 57 yil avval bedarak yo‘qolgan otasi Jorj Kerollning suyaklarini topdi. Bu haqda New York Post nashri xabar berdi.   

Ma'lum qilinishicha, DNK-test suyaklarning Jorj Kerollga tegishli ekanini tasdiqlagan. U 1961 yilda o‘g‘li 8 oylik chaqaloq bo‘lganda izsiz yo‘qolgan. Mayk voyaga yetgach, otasini topishga qaror qilib, ekstrasensga murojaat qilgan. Ekstrasens esa unga otasining jasadini onasining uyida izlashni maslahat qilgan. 

“Ekstrasens menga otam to‘mtoq buyum bilan zarba berish oqibatida halok bo‘lgani, uning boshiga quvur bilan urib, tiriklayin ko‘mib yuborishgani aytgan”, deb ma'lum qildi Mayk.

Politsiya Maykning otasi haqiqatan ham boshning to‘mtoq jarohatidan o‘lganini tasdiqlagan. Ayni vaqtda Jorj Kerollning o‘limi qotillik sifatida tergov qilinmoqda. Biroq Mayk hech qanday “adolat”ni istamayotganini aytgan. 

“Adolat biz suyaklarni qazib olganimizda yuz berib bo‘ldi. Biz otamizni topdik, biz g‘alaba qildik”, deb izoh bergan Mayk.

Mavzuga oid