Sport | 01:04 / 17.12.2018
22019
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Finlyandiya xokkey uchrashuvida 61 yillik rekord yangilandi

Foto: Ili Davlyatchina, IA «Rosbalt»

Peterburgda xokkey bo‘yicha Birinchi kanal kubogi doirasida Rossiya va Finlyandiya terma jamoalari o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha 61 yillik rekord yangilandi. 16 dekabrda “Gazprom Arena” stadionida o‘tgan uchrashuvga konsert dasturini hisobga olgan holda 81 ming kishi kelgan.

“Bugun biz ikkita rekord – Rossiya va Yevropa xokkeyi rekordlarini o‘rnatdik”, deb e'lon qilgan diktor.

Uning ma'lum qilishicha, o‘yin oxiriga kelib stadionda 71 ming 381 muxlis bo‘lgan. 

2018 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini qabul qilgan Krestovskiy orolidagi stadion ilk bor xokkey uchrashuvini qabul qildi. Buning uchun futbol maydoni o‘rniga muz maydoni va qo‘shimcha o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

Rossiyada 1957 yildan beri xokkey o‘yinlariga tashrif buyurish bo‘yicha rekordni sobiq ittifoq va Shvetsiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv saqlab kelgan. O‘shanda hozirgi “Lujniki” stadioniga 55 ming tomoshabin kelgan.

Bu rekord 44 yil davomida jahon rekordi bo‘lib kelgan, biroq uni AQShning Michigan shtati talabalar jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yangilagan (74,5 ming muxlis). 2014 yildan beri esa Michiganda o‘tgan “MXLning qishki klassikasi” o‘yini rekord natija bo‘lib qolmoqda (105 ming muxlis). Bungacha Yevropadagi rekord natija Gelzenkirxenda 2010 yilgi jahon chempionati uchrashuvida o‘rnatilgan (77,8 ming muxlis).  

Mavzuga oid