Jamiyat | 10:22 / 21.12.2018
2201
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi "Yosh tadbirkorlar” forumida xorijlik tadbirkorlar ham qatnashdi

18-20 dekabr kunlari «Yoshlar ijod saroyi»da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi «Yoshlar–kelajagimiz» jamg‘armasining «Yosh tadbirkorlar» forumi bo‘lib o‘tdi. Unda «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 100 nafardan ortiq yosh tadbirkorlar o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmada ishtirokchilar hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishning turli yo‘nalishlaridagi mahsulotlarini forum qatnashchilariga namoyish etdi. Forumda xorijlik ishbilarmonlar ham o‘z mahsulotlarini ko‘rgazma qildi.

Forumga 22 yoshli Javohir Muhammadjonov “Yoshlar–kelajagimiz jamg‘armasidan eng kam 7 foiz bilan 150 mln. so‘m kredit olib, Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida biznes loyihasini amalga oshirdi. Chinni idishlari ishlab chiqaruvchi korxonada 5 ta ishchi o‘rni yaratdi. Xitoy bilan shartnoma asosida dastgoh olib kelib, kuniga 6 xil turda 6 ming dona chinni idishlari ishlab chiqaryapti.

Dastlabki kun «Yoshlar ijod saroyi»da «Yosh tadbirkorlar» forumining ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda xitoylik tajribali tadbirkorlar va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi – Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi – Adham Ikromov, «Yoshlar–kelajagimiz» jamg‘armasining ijrochi direktori – Bunyodbek Bahrombekovlar ishtirok etib, unda «Yoshlar–kelajagimiz» Davlat dasturining ijrosi hamda «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shuningdek, Kichik biznes uchun Xitoyning Shinjon mahsulotlari va uskunalari ko‘rgazmasida ham Xitoyning 30 dan ziyod yirik ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan uskuna va texnologiyalar namoyish etildi.

— «Yoshlar–kelajagimiz» jamg‘armasidan 68 mln. so‘m kredit olib, Termiz shahrida qishki shubalar ishlab chiqaruvchi tikuv sexini barpo etdik. Ish jarayonida dastlab, Buxorodan Qorako‘l qo‘ylarining qorin va oyoq terilarini keltirib, avval andoza olamiz, so‘ngra bichib, tikuvga tayyorlaymiz. Mahsulotimizning sifati ishlatilayotgan teriga bog‘liq. Biz faoliyatimizda faqat asl teridan foydalanamiz. Asl teri sun'iysidan qalinligi, yungi to‘kilmasligi bilan farqlanadi. Hozirda tikuv sexiga 3 nafar yoshlarni ishga qabul qilganman, – deydi forum qatnashchisi Fotima Annayeva.

Tadbirlar davomida «Yoshlar–kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida keng jamoatchilik xabardor qilinib, ko‘rgazmadagi mahsulotlarni mahalliy bozorlarda realizatsiya qilinishiga ko‘maklashildi. Mazkur amaliy ishlar yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.

— 2016 yili Buxoroda xalqaro hamkorlik aloqalarining yangi sahifalari ochilgan edi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov. —Hozirga qadar tadbirkorlik bo‘yicha xitoylik tadbirkorlar bilan ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirildi. Xitoyning bir qancha shaharlarida katta-katta ko‘rgazmalarni o‘tkazdik. O‘zbekistonda Xitoylik tadbirkorlarning ko‘rgazmasi bilan «Yosh tadbirkorlar» forumining birgalikda bo‘layotgani ham bejizga emas. «Yoshlar– kelajagimiz» jamg‘armasiga ajratilgan 770 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi va har bir oila tadbirkorga aylantirilishi boshqa davlatlarga ham o‘rnak bo‘ladi. Qolaversa, texnologiyalar bo‘yicha tajriba maydoni yaratiladi.

Marosimda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan islohotlarda «Yoshlar–kelajagimiz» jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va mahalliy hokimliklarning ko‘magi alohida e'tirof etildi. Bugungi kunga qadar, 2977 ta biznes loyihaga 370,3 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi orqali 18 830 ta yangi ish o‘rni yaratilib, jami 31 320 nafar yoshlarning bandligi ta'minlanishi bilan yurtimizdagi ishsizlik muammosining bartaraf etilayotganligi qayd etildi. Forum doirasida bir qancha biznes shartnomalar imzolanishiga erishildi.

— Bugungi forumda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidan o‘z mahsulotlarimiz ko‘rgazmasi bilan ishtirok etyapmiz. Hozirda «Yoshlar–kelajagimiz» jamg‘armasidan 50 mln. so‘m kredit olib, tikuv sexini ochganmiz. 2 ta uskuna va 3 nafar ishchi bilan faoliyat olib boryapmiz. Kelgusida Xitoy, Koreya, AQSh kabi bir qator yirik davlatlarga eksport qilishni maqsad qilganman, – deydi yosh tadbirkor Gulshoda Yo‘ldosheva. —Asli hunarmandman. O‘zbek milliy taqinchoqlarini yasayman. O‘z navbatida zargarlik sohasida ham mehnat qilib kelyapman. Meni tadbirkorlik faoliyatiga undagan inson – ustozim bo‘ladi. 2017 yil Shohida Sultonovadan hunarmandlik sir-asrorlarini o‘rgandim. Hozirga qadar zebigardon, tilla qosh, zirak, uzuklar kabi milliy taqinchoqlarimizni zamonaviy ko‘rinishdagi bezaklar bilan uyg‘unlashtirgan holda xaridorlarga yetkazib beryapman. Birgina zebigardonning yasalishi uchun 2 kun vaqt ajrataman.

20 dekabr kuni «Yosh tadbirkorlar» forumining yopilish marosimi o‘tkazilib, unda qatnashgan xalqaro ishbilarmonlar va faol tadbirkorlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus sertifikatlari bilan taqdirlanishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid