O‘zbekiston | 17:14 / 23.12.2018
33310
3 daqiqa o‘qiladi

Savdo tizimi faxriysi Madaminjon Hasanov vafot etdi

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining taniqli vakili, savdo tizimi faxriysi, Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi Madaminjon Hasanovich Hasanov shu yil 22 dekabr kuni 94 yoshida vafot etdi. Davlat rahbari va hukumat a'zolarining ta'ziyasi e'lon qilindi.

Madaminjon Hasanov 1924 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. Uning yoshligi Ikkinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri kelib, 1942-1946 yillarda front maydonlaridagi og‘ir janglarda mardona ishtirok etdi. Fashizmga qarshi kurashdagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi.

U urushdan so‘ng Moskva oliy kooperativ markaziy maktabini tugatib, respublikamizning turli savdo tashkilotlarida xizmat qildi. Jumladan, 1956-1959 yillarda “O‘zbektekstiltorg”ning Andijon viloyati bazasi direktori, 1959-1966 yillarda “O‘zbekbirlashuv” boshqaruvining raisi bo‘lib ishladi. 

Madaminjon Hasanov 1966-1979 yillar mobaynida O‘zbekiston savdo vaziri lavozimida samarali faoliyat olib bordi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullandi. 1979-2004 yillarda “Sog‘lomlashtirish markazi” ilmiy-tadqiqot muassasasiga rahbarlik qildi.  

O‘zining ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida M.Hasanov keng bilimi, katta hayotiy tajribasi va shaxsiy namunasi bilan respublikamizda savdo tizimini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi. 

U 2004 yilda nafaqaga chiqqanidan so‘ng O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining faoli sifatida ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirdi. Xususan, urush va mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada keksa avlod vakillarining faol ishtirokini ta'minlashda o‘zining tashkilotchilik, tashabbuskorlik va fidoiylik fazilatlarini namoyon etdi.  

Madaminjon Hasanovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan savdo xodimi” faxriy unvoni, “Jasorat” medali, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

Mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Madaminjon Hasanovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, A.Aripov, J.Ortiqxo‘jayev, Sh.Jalilov.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid