Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada O‘zbekistonning to‘rt fuqarosi uzoq muddatga qamaldi. Ular Qrimda hukumatni ag‘darib tashlashga uringan
Shimoliy Kavkaz okrugi harbiy sudi O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosiga nisbatan ayblov hukmi chiqardi.
Mahkama matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bo‘yicha, jumladan, terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va hokimiyatni zo‘rlik bilan qo‘lga olishda ayblangan.
Dastlabki tergov organlari versiyasiga ko‘ra, 2015 yil dekabr oyida samarqandlik 43 yoshli Enver Mamutov Boxchasaroy (Qrim) shahrida «Hizb ut-Tahrir» terrorchilik tashkiloti yacheykasini tashkil qilgan. Yacheyka tarkibiga u yana uch nafar vatandoshini jalb etgan. Tashkilotning maqsadi - «islomiy bo‘lmagan hukumatlarni yo‘q qilish va islomiy davlatni, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi hududida bosqichma-bosqich o‘rnatish», - deyiladi hukmda.
Yacheyka ishi haqida Mamutov o‘z rahbarlariga internet orqali hisobot berib borgan.
Radikal g‘oya tarafdorlari Qrimda qonuniy hokimiyatni ag‘darib tashlash rejalarini amalga oshira olmadilar - ular huquq-tartibot xodimlari tomonidan ushlangan.
Sud qaroriga ko‘ra, Mamutov 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning sheriklarining har biri to‘qqiz yilga qamaldi.