O‘zbekiston | 09:08 / 25.12.2018
3471
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida oliy hamda yuqori darajadagi uchrashuvlar rejalashtirilgan

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Yaponiya favqulodda va muxtor elchisi Nobuaki Ito bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston – Yaponiya kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilingan, 2018 yildagi hamkorlik yakunlari ko‘rib chiqilgan.

Ta'kidlanishicha, yakuniga yetib borayotgan yilda ikki tomonlama munosabatlar hamkorlikning deyarli barcha sohalarida izchil rivojlanib bordi. Tokio shahrida O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalarining 14-majlisi hamda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi parlamentlararo forumning 2-majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Yaponiya fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilishi joriy yilning yanvar-noyabr oylarida Yaponiyadan mamlakatga tashrif buyurgan turistlar sonini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 48%ga oshishiga xizmat qildi.

Suhbat davomida 2019 yildagi oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar jadvali hamda boshqa qo‘shma tadbirlar borasidagi takliflar tinglandi va fikr almashildi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid