O‘zbekiston | 21:41 / 25.12.2018
8764
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Sog‘liqni saqlash vazirligini onalar va bolalar o‘limi muammosiga e'tibor qaratishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xotin-qizlar qo‘mitasining hisobot anjumani doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligini onalar va bolalar o‘limi muammosiga e'tibor qaratishga chaqirdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida qator maqsadli milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Bolalarning irsiy va tug‘ma kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish maqsadida respublika va hududiy skrining markazlari tashkil etildi. Qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini optimallashtirish orqali birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimi takomillashtirildi. Biroq shunga qaramasdan, onalar va bolalar o‘limi holatlarining oldini olishga doir ishlar yetarlicha samara bermayapti.

"Afsuski, homilador ayollar to‘liq chuqurlashtirilgan skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmayapti, onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida ruhiy holat buzilishini, xulq-atvor buzilishini tashxislash va ularni davolashni tashkil etish talab darajasida emas. Bu esa, o‘z navbatida, oila, turmush darajasidagi salbiy holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masalalarni, albatta, chuqur o‘ylab ko‘rishi kerak", - deya ta'kidladi Bosh vazir.

Shuningdek, poytaxtdagi oilaviy poliklinikalardan birining shifokori tomonidan berilgan homilador ayollar bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasini yaratish taklifi juda yaxshi taklif bo‘lgani ta'kidlandi va bu dasturni tuzish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1 oy muddat berildi.

Bundan tashqari, Abdulla Aripov turmush qurish yoshini 18 yosh etib belgilashga doir taklifni ko‘rib chiqish vazifasini berdi.

"Borgan sari bilag‘onlar tomonidan belgilangan yoshni sun'iy ravishda tushirish holatlari kuzatilmoqda. O‘ylashimcha, inson organizmi, uning jismoniy holati bunga tayyor bo‘lishi kerak. O‘zi yosh bola bo‘lib, qo‘lida bolasi bo‘lsa, qanday qilib uni katta qiladi?! Bu masala ham Adliya vazirligi bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi", - dedi u.

Mavzuga oid