Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari qoshida tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hamda har bir tuman va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari qoshida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan iborat tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilab qo‘yilishicha:
tadbirkorlar kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;
tadbirkorlar kengashi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari rahbarlari tomonidan tashkil etiladi;
tadbirkorlar kengashi o‘z faoliyatini Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Nizom hamda Tadbirkorlar kengashi ish reglamenti asosida amalga oshiradi;
tadbirkorlar kengashi a'zoligiga, qoida tariqasida, faol tadbirkorlar, huquqshunoslar, va jamoatchilikning boshqa vakillari qabul qilinadi.
Quyidagilar Tadbirkorlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etish;
hududlarda mavjud imkoniyatlar va talablardan kelib chiqib, tadbirkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, sohaga aloqador bo‘lgan islohotlarni tadbirkorlarga yetkazish;
tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, jamoatchilik kengashlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish.

















