Jamiyat | 17:38 / 25.12.2018
49019
8 daqiqa o‘qiladi

«Televizorda ko‘rsatilayotgan uylar bilan bu uyning farqi yer bilan osmoncha». Chirchiqlik harbiylar nimadan norozi?

Bir kishining ishonchiga kirish uchun yillar ketadi, ishonchdan chiqish uchun bir lahzaning o‘zi kifoya. O‘nlab, yuzlab kishilar norozi kayfiyatda bo‘lsa bu qanday baholanadi? Shunday kishilarning noroziliklariga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri uy-joy qurilishlaridir.

Kun.uz muxbirlari bu masala bo‘yicha shu kungacha ham ko‘plab materiallar tayyorlashgan. Bu safargi murojaat esa avvalgilaridan biroz farq qiladi. Bu galgi murojaat mualliflari Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi bir guruh harbiylar.

Mover'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Chirchiqda bizni murojaatchilar vakili Shavkat aka kutib oldi va uy-joylar tomon boshlab bordi.

«Harbiy xizmatchilarga ushbu ko‘p qavatli turar joylar 2017 yil 24 yanvarda prezidentning 2738-sonli qarori bilan kredit asosida berilgan edi. Biz tomondan hamma majburiyatlar bajarilgan. To‘lovlarni o‘z vaqtida qilyapmiz. Ammo uylar biz o‘ylagan holatda topshirilmadi.

Televizorda ko‘ramiz hali u yerda, hali bu yerda harbiylarga uylar topshiriladi. Zo‘r qurilgan uylar. Bizning uylarni esa hech kim ko‘rsatay demaydi. Gaz va elektr holati achinarli holda. Xavfsizlik texnikasi qoidalari umuman yo‘q. Poydevorlar ham talab darajasida qurilmagan. Yomg‘ir yog‘sa uylarimiz ostiga suv ketadi. Qo‘rqib o‘tiradi odam. Tomlari ham talabga javob bermaydi. Zinaning ustidan suv oqib o‘tadi. Ba'zi uylarning isitish batareyalari yo‘q», deydi shikoyat egasi.

Bir qarashda tashqaridan hammasi binoyidek ko‘rindi. Ammo, binoga kirib borganimizda asl holat ko‘rina boshladi. Avval murojaatchi binoning tayanchi va asosiy qismi hisoblangan poydevorni ko‘rsatishdan boshladi. So‘ngra, uy-joylarning ichki qismini ko‘rsatishdan boshlashdi.

Shundan so‘ng, bizni hali uy egasi ko‘chib chiqishga ulgirmagan bir kvartiraga taklif etishdi. Uyning holati va topshirilayotgan jihozlarni ko‘rdik.

«Qurilish tugallanishi arafasida kelib uyni ko‘rgandim. Ko‘rganlarimdan hayron bo‘lib qoldim. «Undan ko‘ra, qimmatroq bo‘lsa ham yaxshi uy qurib beringlar. Televizorda hamma telekanallar maqtab ko‘rsatyapti doim. Bizga ham shunday uylardan bermaysizlarmi?», dedim.

Bu uyni epaqaga keltirguncha yaxshigina mablag‘ sarfladim. Uyning kirish, pod'yezd qismlari esa hali ham to‘g‘rilanmagan. Kafellari chiqib, to‘kilib yotibdi. Men bunday bo‘lishini tasavvurimga ham keltirmagan edim. Televizorda ko‘rsatiladigan uylar bilan bu uylarning farqi yer bilan osmoncha ekan. Agar bilganimda olmas edim», deya e'tiroz bildirdi shaxsini oshkor qilishni istamagan yana bir xonadon egasi.

Shundan so‘ng, bizni televideniye vakillari deb o‘ylagan bir guruh kishilar ham o‘z arzlarini ayta ketishdi.

«Romlarining chetlari betondan qilingan emish. Beton shunday uvalanib ketadimi axir? Kanalizatsiya quvuri yorilib ketdi. Kelib biz faqat bir marta qilamiz dedi. Xo‘p, lekin unga qopqoq qo‘yilmagan. Qo‘yilmagandan keyin yoriladida. Oqim darajasi to‘g‘ri hisobga olinmagani, shu sababli yorilib ketganini aytishdi. Loyihada buni hisobga olish kerakmasmidi? Biz kredit to‘laymizmi yoki farzandlarimizni boqamizmi? Biz shuncha pulni xaroba uy uchun to‘laymizmi?», deydi ulardan biri.

Uy-joy qurilishi yuzasidan murojaatchilar va «Qishloq qurilish Invest» MChJ IK o‘rtasida shartnoma imzolangan. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan majburiyatlar bajarilib kelingan. Ya'ni, dastlabki to‘lovlar va har oylik to‘lovlar to‘lab kelingan. Xo‘sh, unda uylar nega bu holatga kelib qolgan? Bu savolga javob topish maqsadida qurilishga mas'ul bo‘lgan «Qishloq qurilish Invest» MChJ IK vakili bilan uchrashish uchun yo‘l oldik.

Ammo, tashkilot binosida mas'ul mutasaddilaridan hech kim yo‘q edi. Rahbar lavozimdagi xodimlar ish joyida bo‘lmasligi, tashrif buyuruvchilar bilan suhbat qurishga vaqti yo‘qligi, ish hajmi kattaligini tushunamiz. Biroq, fuqaro murojaatlari bilan ishlash bo‘limi va qabulxona xodimlari ham ish vaqtida ish joyida emasligi taajjublanarli edi.

Yana bir eshikni taqillatdik. «Qishloq qurilish invest» MChJ IK boshlig‘i birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdik. U murojaatchining shikoyatlarini tinglab, muammoni joyiga borib o‘rganishni taklif etdi va hamma Chirchiq shahriga qaytdik.

Turar joylar hududiga «Qishloq qurilish invest» MChJ IK mutasaddilaridan tashqari qurilish pudratchilarini ham taklif etdik. Mutaxassislar navbati bilan xonadonlarni aylanishni boshlashdi.

«Bizning turar joyning suvoq qismlari yaxshi qilinmagan. Uyning ichidagi holatni to‘g‘rilash uchun ancha kuch ketdi. Prokuratura, hokimiyatlarga murojaat qilganimdan keyin ko‘chaga suv arig‘i qilindi. Bo‘lmasa suv to‘g‘ri bino poydevoriga oqib kirayotgan edi. Kimdir hammaga yomon ko‘rinib yelib-yugurmasa, uy qachon qulab tushishini kutamizmi?», deya komissiyaga e'tiroz bildirdi uylardan birining egasi Shavkat Toshboyev.

Quruvchi Malikmurod Solihov esa bu e'tirozga shunday javob qaytardi: «Bu joyni o‘zi boshqa quruvchi qilayotgan edi. U qamalib ketdi. Keyin mendan so‘rashgandi, qo‘limdan kelganicha qilib berdim. O‘zi siz cho‘lda yashab yurardingiz. Namuncha shikoyat qilaverib bizni ishdan qo‘yaverasiz».

Murojaatchilar qurilish sifatiga e'tiroz bildirishdi.

«Biz yana ham aholiga yordam bo‘lsin deb cho‘ntagimizdan ko‘p narsalarni qilyapmiz. Bitta uyga 240 m2 suvoq ketadi, bizga esa 110 m2 uchun mablag‘ berilmoqda. Bu degani uyning yarmi suvoq qilinmasligi kerakmi? Qurayotgan uylarimiz emulsiya qilinishi kerak. Men uning o‘rniga travertin qilib, devorning pastki qismlariga marmar terib beryapmiz. Lekin faqat kiritilmagan qismlar pulini qo‘shib bering desam berishmayapti. 2 oydan beri darak yo‘q», deydi qurilish pudratchisi.

Tomonlarning uchrashuvi davomida turar joy bo‘yicha ishlar hali 72 foizga bajarilgani va bu joyga ko‘chib chiqishga hali ertaligi ma'lum bo‘ldi.

Qolgan murojaatchilarning shikoyatlarini ham eshitish maqsadida buyurtmachi kompaniya «Qishloq qurilish Invest» MChJ IK xodimlarini taklif etgan edik. Qiziq javobni qaytarildi.

«Bizga faqat bitta odam murojaat qilgan. Qolganlarning shikoyatlari bo‘yicha tekshirolmayman», deyishdi kompaniyada.

Axir, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi Qonunning 5-moddasida murojaatlar yozma va og‘zaki bo‘lishi belgilangan. Ya'ni, ikki xil turdagi murojaatlarning kuchi qonun oldida teng.

Quruvchilar tez orada muammolarni hal qilishga va'dalar berish bilan cheklandi.

Biz esa bu va'dalar bajarilishi, vatan himoyachilari bo‘lgan harbiylar uchun qurilgan turar joylarning kamchiliklari bartaraf etilishini umid qilib qolamiz.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid

E`lonlar