Jamiyat | 09:30 / 26.12.2018
5597
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ 2018 yilda qanday ishlarni amalga oshirdi?

2018 yilda yo‘lovchi xo‘jaligini yanada rivojlantirish yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan jamiyat va davlat ahamiyatidagi qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018 yil aprel oyida jahon andozalariga mos, barcha qulayliklarga ega zamonoviy Toshkent Janubiy vokzali va noyabr oyida Xiva vokzali qurilishi yakunlanib, yo‘lovchilarga foydalanish uchun topshirildi. Shuningdek, sentabr oyida «Shahrisabz» vokzali ochilib, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdi Shahrisabz yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanishni boshladi.

Yangi vokzalarda tibbiyot xonalari, yuqori darajali xizmat ko‘rsatish zallari, sayyohlar uchun maxsus zallar, ona va bola xonalari, elektron kutubxonalar, jahon va o‘zbek adabiyoti kutubxonalari, majlislar zallari va milliy yodgorliklar rastalari mavjud. Ushbu vokzallar ochilishi munosabati bilan qo‘shimcha 216 ta ish o‘rni yaratildi. Zamonoviy vokzallar old hududlari ko‘kalamzorlashtirilib, zamonoviy favvoralar, hordiq chiqarish uchun qulay o‘rindiqlar bilan jihozlandi va ko‘ngilochar xiyobonga aylantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi farmoni ijrosini ta'minlash hamda dam olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va bayram kunlaridan oqilona foydalanish, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida shu yilning yanvar oyi – «Yangi yil bayrami», mart oyida – «Navro‘z» bayrami, avgust-sentabr  oylarida – «Mustaqillik» bayrami va dekabr-yanvar oylarida «yangi yil bayrami» munosabatlari bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan oilaviy, jamoaviy, talabalik va nafaqaxo‘rlar uchun yo‘lovchi poyezdlari chiptalariga 50 foizgacha chegirmalar joriy etildi.

2018 yilning 12 oyi davomida 22 900 000 dan ortiq yo‘lovchi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan o‘z manziliga tez, qulay va xavfsiz yetkazildi. Ularning 340 000 nafarini xorijiy sayyohlar tashkil etadi. Joriy yilning rasmiy sanalari va bayram kunlarida jami 121 139 ta chipta chegirma asosida sotildi.

Bundan tashqari, yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyatda, maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida qo‘shimcha taqdim etilgan 5 kunlik dam olish kunlarida (30 dekabr-3 yanvar) «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan amaldagi yo‘lovchi poyezdlar reyslaridan tashqari qo‘shimcha 26 reys joriy etildi. Ushbu reyslarda taklif etilgan joylar soni 10 000 tani tashkil etib, ular temir yo‘l chiptaxonalarida fuqarolarga imtiyozli ravishda rasmiylashtirilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid