Jamiyat | 21:10 / 27.12.2018
33139
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikkita jiddiy YTH sodir bo‘ldi

27 dekabr kuni Toshkent shahrida ikkita jiddiy yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Yunusobod hamda Mirobod tumanlarida ro‘y bergan YTHlar haqida ma'lumot bergan.

Foto: IIBB

IIBB xabariga ko‘ra, soat taxminan 11:50 da Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasida joylashgan temiryo‘l kesishmasida «Taksi lyuks» kompaniyasiga tegishli Lacetti avtomobili haydovchisi nazorat ostidagi yopiq to‘siqqa borib urilgan va buning oqibatida avtomashina ishdan chiqqan.

Haydovchi va ikki yo‘lovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. YTHga haydovchining temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini buzgani sabab bo‘lgani aytilgan.

«49 yoshli haydovchi K.Mahmudov tomonidan temiryo‘l kesishmasini kesib o‘tish qoidalarining buzilganligi ushbu yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan», — deyiladi IIBB axborotida.

Foto: IIBB

Shu kuni soat taxminan 12:30da esa Kichik halqa yo‘lining Mirobod tumanidan o‘tgan qismida «AS Invest Grupp»ga tegishli Howo yuk avtomobili ag‘darilib ketgan.

Qayd etilishicha, 19 yoshli haydovchi tajribasizlik qilib mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Yuk mashinasiga ortilgan yuk (tosh va qum) yo‘lga to‘kilib ketgan, hech kim jabrlanmagan.

«Haydovchi hamda yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari zarar ko‘rmagan», — deyiladi IIBB xabarida.

Mavzuga oid