Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida Damas rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yuk mashinasiga urilgani aks etgan video tarqaldi.
Videoda haydovchi mashinasini yo‘lning asfalt bo‘lmagan chetki qismida katta tezlikda boshqarib, o‘zidan oldinda ketayotgan boshqa mashinalarni quvib o‘tishga uringani, ammo mashina boshqaruvni yo‘qotgani, o‘z yo‘lida ketayotgan yuk mashinasiga urilgani, haydovchi esa mashinadan tushib qolgani aks etgan.
YHXX xabariga ko‘ra, holat 9 iyun kuni Paxtachi tumanidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Damas rulida bo‘lgan 35 yoshli haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.











