Tramp rafiqasi bilan Iroqqa tashrif buyurdi
AQSh prezidenti Donald Tramp rafiqasi Melaniya bilan Rojdestvoga o‘tar kechasi Iroqdagi amerikalik harbiylar oldiga e'lon qilinmagan safarni amalga oshirdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders ma'lum qildi.
Tramp xavfsizlik nuqtai nazaridan Iroqqa to‘liq qoraytirilgan samolyotda uchgan va uning tashrifi haqida oldindan e'lon qilinmagan. Samolyot Ayn al-Asad harbiy bazasiga qo‘ngan.
“Prezident Tramp va birinchi xonim Rojdestvo munosabati bilan qo‘shinlarimiz va oliy harbiy rahbariyatni yo‘qlash va ularga xizmatlari uchun minnatdorlik bildirish, Rojdestvoni yaxshi o‘tkazib olishni tilash maqsadida Iroqqa jo‘nashdi”, deb yozgan Sanders tvitterda.
Xabarga prezident va birinchi xonimning harbiylar qurshovidagi suratlari ilova qilingan.
Avvalroq ba'zi OAV Tramp prezidentligining ilk ikki yili davomida AQSh qo‘shinlari bo‘lgan birorta qaynoq nuqtaga bormaganini qayd qilib o‘tishgandi.
Tramp Iroqqa uchish xavotirli bo‘lganini tan oldi.
“Men shaxsan o‘zim uchun emas, prezidentlik instituti uchun, birinchi xonim uchun qayg‘urdim. Biz oynalari to‘liq yopilgan, umuman yorug‘lik bo‘lmagan qoraytirilgan samolyotda nimalardan o‘tganimizni ko‘rganingizda edi. Tim qorong‘i. Men turli o‘lcham va modeldagi samolyotlarda uchganman. Menda xavotir bo‘ldimi? Ha, xavotir bo‘ldi”, deb aytgan Tramp.
Trampning Iroq bosh vaziri Odil Abdulmahdiy bilan rasmiy uchrashuvini tashkillashtirishdagi kelishmovchiliklar sababli uchrashuv bekor qilindi.
Natijada Tramp va Abdulmahdiy telefon orqali muloqot bilan kifoyalanishgan. Ular suhbat chog‘ida mintaqadagi vaziyatni rivojlantirish hamda IShIDga qarshi birgalikdagi harakatlarni muhokama qilishgan.
Tramp Iroq bosh vaziriga Vashingtonga, Abdulmadhiy esa o‘z navbatida AQSh prezidentiga Bag‘dodga tashrif buyurishni taklif qilgan.
Kun so‘ngida Tramp bazani tark etgan.
Mavzuga oid
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
12:10 / 28.10.2024
Turkiya HHK Iroq shimolidagi 34 ta obektni yo‘q qildi
11:00 / 23.10.2024
Iroq: G‘azo va Livandagi urush boshqa mintaqalarda yangi mojarolarga olib kelishi mumkin
23:04 / 02.10.2024