Jamiyat | 14:17 / 28.12.2018
51892
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda quyma oltin ishlab chiqaruvchi yashirin sexlar fosh etildi

Buxoroda tarkibida tilla kukuni bo‘lgan qumdan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni quyma oltin holatiga keltirishga ixtisoslashgan yashirin sexlar faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ma'lum qilgan.

Turon24'ning yozishicha, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya» kombinati tarkibida tilla kukuni bo‘lgan katta miqdordagi qum uyumini Zarafshon cho‘l tizmasining belgilangan hududida to‘plab boradi. Bu qumlar tog‘i kelajakda tarkibidan tilla ajratib olish va yana qayta ishlov berishga mo‘ljallangan.

Xabarda ta'kidlanishicha, Shofirkon tumanidagi Nazarobod, Qayrog‘och, Bog‘ishamol va Pattaxon MFYda yashovchi 30 nafardan ortiq fuqaro shunday qumlarni aylanma yo‘llar orqali tashigan. Ular uzoq vaqtdan buyon qum tarkibidan tilla zarrachalarini ajratib olib, uni quyma oltin holatiga keltirishga mo‘ljallangan yashirin sexlardan foydalanishgan. Bundan tashqari, quyma tillani xarid qilish hamda buyurtmachilarga yetkazib berish bilan ham shug‘ullanib kelishgan.
Buxoro viloyat IIB, prokuratura boshqarmasi, davlat soliq inspeksiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Shofirkon tumanida 235 ta manzilda tekshiruvlar olib borilgan va 20 ta jinoiy holatga oydinlik kiritilgan.  

Shofirkon tumanidagi Nazarobod mahallasida yashovchi fuqaro T. Q. xonadonida 4 tonna qum, 125 kg selitra mahsuloti va 5 litrli bankada kislota kimyoviy qorishmasi borligi aniqlangani aytilmoqda. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarni qayta ishlab chiqarish uchun qo‘lbola usulda yasalgan asbob-uskunalar ham mavjud bo‘lgan. 

Qayrog‘och mahallasidan N. H.ning xonadonida esa tarkibida tilla kukuni bo‘lgan 2,5 tonna qum uyumi mavjud bo‘lgan. Tekshiruvlar davomida fuqaro R. U. o‘z uyi yerto‘lasida 7ta 200 litrlik hajmdagi va 2ta 20 litrlik hajmdagi plastmassa bochkalarda kislota kimyoviy qorishmasini saqlab kelgan. Pattaxon qishlog‘ilik L. A. esa o‘z yashirin sexida taxminan 1 tonna hajmdagi qum va shu ishga ixtisoslashtirilgan qo‘lbola uskunalardan foydalanib kelgani ma'lum bo‘ldi.

Natijada 30 nafardan ortiq shofirkonliklarning uzoq yillardan buyon shunday noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirib kelishayotgani fosh etilgan. 

Aniqlangan barcha jihozlar tegishli tartibda ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 165-moddasi bo‘yicha 30 nafar fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan jazo choralari qo‘llanilgan.

Mavzuga oid