“Ijtimoiy roliklar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Mamlakatimiz yoshlari hayotini aks ettiruvchi, ularni muvaffaqiyatlar sari undovchi ta'sirchan ijtimoiy roliklar mualliflarining iste'dodlarini namoyish etishiga ko‘maklashish, ularni munosib rag‘batlantirish va keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda “Yoshlar media markazi” NNT tomonidan “Ijtimoiy roliklar” tanlovi o‘tkazildi. Innovatsion g‘oya va aqliy salohiyatni oshirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandlikka ko‘maklashish hamda sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni targ‘ib qilish, jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish, “Bu – mening O‘zbekistonim” kabi 5 ta yo‘nalishda olib borilgan bellashuvga jami 135 ta videorolik taqdim etildi.
Xususan, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandlikka ko‘maklashish yo‘nalishida 10 ta, “Bu – mening O‘zbekistonim”yo‘nalishida 20 ta, innovatsion g‘oya va aqliy salohiyatni oshirishga oid 30 ta, jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 35 ta, sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni targ‘ib qilish yo‘nalishiga esa 40 ta videorolik O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining tegishli bo‘lim mudirlari hamda mas'ul mutaxassislaridan iborat hakamlar hay'ati tomonidan mezonlar asosida xolis baholandi.
29 dekabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da “Ijtimoiy roliklar” tanlovining har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblariga mukofotlar topshirildi. Jumladan, “Bu – mening O‘zbekistonim” yo‘nalishida Anvar Nodirov“Ko‘pkari” nomli videoroligi bilan faxrli birinchi o‘rinni egallab, 5 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lsa, mazkur yo‘nalishda ikkinchi o‘rin Behzod Abdurahmonovga nasib etdi. U o‘zining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” mavzusidagi ijod mahsuli uchun 3 million so‘m pul mukofotga ega bo‘ldi. Uchinchi o‘ringa Sardor Shavkatov “Welcome to Uzbekistan” videoroligi bilan loyiq topildi hamda 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Mazkur yo‘nalishda Doniyor Shokirovning“Mening yurtim– mening faxrim”, Jamshid Xojiakbarovning “Xiva”, “Madaniyat va Maʼrifat” telekanalining “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati” nomli videoroliklari rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘lib, 1 million so‘mlik pul mukofotiga ega bo‘ldi.
Jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida birinchi o‘ringa Izzat Mansurovning “Giyohvandlikka yo‘q deng!” videoroligi, ikkinchi o‘ringa Jamshid Xojiakbarovning “Jinoyatchilik – umr zavoli”, uchinchi o‘ringa Dilmurod Aminovning “Korrupsiya – kelajakni yo‘q qiladi” mavzusidagi ijtimoiy roligi loyiq topildi. Mazkur yo‘nalishda rag‘batlantiruvchi o‘rinlar Dilshod Giyasovning “Farzandlar taqdiriga befarq bo‘lmang”, Charos Sadinovaning “Giyohvandning qizi”, Nodir Shavkatovning “O‘zni yenga olish, xatolarni to‘g‘rilab olishdir!” mavzularidagi videoroliklarga nasib etdi va g‘oliblar 1 million so‘mlik pul mukofotlarini qo‘lga kiritdi.
Innovatsion g‘oya va aqliy salohiyatni oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar orasida Baxtiyor Fattoxovning “Kitob o‘qing” videoroligi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Navro‘z Xushvaqtovning “Bolaga kitob bering” ijtimoiy roligiga nasib etdi. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanali “Kitob olami” videoroligi uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Mazkur yo‘nalishda rag‘batlantiruvchi mukofot Nurmuhammad Jumagulovning “Televizor bo‘lgim keladi” nomli ijodiy ishiga nasib etdi.
Sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni targ‘ib qilishga qaratilgan ijtimoiy roliklar orasidan birinchi o‘rin Jamshid Rahimjonovning “Sog‘lom turmush tarzi” videoroligiga, ikkinchi o‘rin Sirojiddin Vohidovning “Sport – tinchlik va do‘stlik elchisi”, uchinchi o‘rin Nodirbek Muqumovning “Yosh chempionlar” videroligiga nasib etdi. Andrey Kulikovning “Sport”, Sardor Otajonovning “I love sport”, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “SPORT” telekanalining “Yoshlar kelajak bunyodkori”, Sa'dullaxon Lutfulla hoji o‘g‘lining “Bir jamoa” roliklari rag‘batlantiruvchi mukofotlarga loyiq topildi. Va nihoyat so‘nggi yo‘nalish Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandlikka ko‘maklashish yo‘nalishida Ravshan Nurmuhamedov “Men tadbirkorman”videoroligi bilan birinchi o‘ringa, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” teleradiokanali “Kelajak bunyodkorlari” videoroligi bilan ikkinchi o‘ringa, jurnalist Dilshod Fayz “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandlikka ko‘maklashish” videoroligi bilan uchinchi o‘ringa loyiq topildi hamda pul mukofotlarini qabul qilib olishdi.
— Kitobxonlik va mutolaa zavqi haqida gap ketganda, avvalo “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, degan fikr quloqqa chalinadi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri “Mening yurtim” telekanali montaj rejissyori Navro‘z Xushvaqtov. — Ammo, bunga sabab kitob o‘qimayotgan yoshlarning ota-onalari ularga to‘g‘ri ibrat bo‘la olmayotganida. "Xo‘sh, ota-onalar kitob o‘qiyaptimi?"- degan savol o‘rtaga tashlanmaydi. Shu bois ushbu ijtimoiy roligimda aynan mazkur g‘oyani ilgari surdim. Ota-onalar bolalarga avvalo kitob olib berishini, farzandlar ma'naviyatini mutolaa orqali boyitib borishini targ‘ib qildim.
Shahnoza Nurullayeva
Mavzuga oid
16:01 / 05.11.2024
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:08 / 27.06.2024
"Har bir fuqaro uchun – bir daraxt" ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi
16:02 / 17.05.2024