O‘zbekiston | 20:40 / 29.12.2018
14344
3 daqiqa o‘qiladi

Mirobodda “Yosh jurnalistlar maktabi” ochildi

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Yoshlar media markazi” NNT hamda “Mening yurtim” telekanali hamkorligida yosh boshlovchilar, muxbirlar hamda yosh operatorlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Yoshlar markazi”da “Yosh jurnalistlar maktabi” tashkil etildi. Bugun mazkur maktabning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyev, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxalikov, “Mening yurtim” telekanali direktori Qobiljon Ahmedov va jurnalistikaga havasmand yoshlar ishtirok etdi.

Marosimda Yoshlar yetakchisi Qahramon Quranboyev mamlakatimizda navqiron avlod vakillariga qaratilayotgan e'tibor haqida alohida to‘xtalib, yaqin kelajakda ushbu maktabdan mahorat sirlarini o‘rgangan yosh jurnalistlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Endilikda mazkur maktabning umidli ijodkorlari tomonidan yoshlar hayoti ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tizimi uchun malakali jurnalistlar zaxirasi yaratiladi.

“Yosh jurnalistlar maktabi” o‘quvchilari teleradio, matbuot va internet jurnalistikasi bo‘yicha bilim oladi. Maktabda ustoz-shogird an'analari yo‘lga qo‘yilib, unda tashkil etiladigan mahorat darslarini taniqli ijodkorlar, professional operatorlar hamda montaj rejissyorlari olib boradi. Yana bir muhim jihati mashg‘ulotlar bepul olib boriladi.

Zamonaviy talablar asosida tashkil qilingan maktabda tasvirga olish maydoni, ovoz yozish studiyalari mavjud bo‘lib, “Yulduzcha”, “Men yulduzman”, “Majnuntol”, “Sardorlar”, “Kofe breyk” kabi bir-biridan qiziqarli ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Firdavs Abduxalikov “Yosh jurnalistlar maktabi”ga o‘xshash loyihalarni yurtimizning har bir hududida tashkil etish maqsadga muvofiqligini ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga qaratilgan islohotlarda ommaviy axborot vositalarining o‘rnini kuchaytirish vazifasiga doir masalalar xususida ham atroflicha fikr yuritilib, olib borilishi muhim bo‘lgan vazifalar belgilandi.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid