Kun.uz sarhisobi – tahririyatga qilingan murojaatlar qanday yechim topdi?
Yil yakunlanib borar ekan, har bir tashkilot, idora, hatto fuqarolar ham o‘sha yilda o‘zlari amalga oshirgan va bajarishga ulgurolmagan ishlarni, faoliyatini bir karra sarhisob qiladi. Bu albatta kelgusi yilda ko‘proq e'tibor berilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilab olishda foydali bo‘ladi.
Kun.uz tahririyati ham ayni shu an'anaga rioya qilgan holda, 2018 yilda Kun.uz saytida e'lon qilingan jurnalistik surishtiruvlarning qay biri ijobiy hal bo‘lgani va bo‘lmagani, xayriya aksiyalari natijasida bemor yurtdoshlarimizdan kimlar shifo topgani va kimlar hamon davo ilinjida najot kutayotganiga doir sarhisobini e'lon qilishga qaror qildi. Demak, dastlab murojaatlar bo‘yicha.
2018 yilda 2017 yilga nisbatan turli mazmundagi murojaatlar, taklif va mulohazalar ko‘p bo‘ldi. Tabiiyki, cheklangan xodimlar shtabi bilan ularning har biriga birdek ulgurish, murojaatlarning har birini istisnosiz o‘rganish imkonini bermadi.
Shu bilan birga, ayrim murojaatlar oilaviy, qarindoshlar o‘rtasidagi mojarolarga daxldor bo‘lgani bois rad etildi. Umuman olganda, 2018 yil Kun.uz tahririyati uchun ham xayrli va samarali bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Garchi murojaatlar orasida yechimini kutayotganlari bo‘lsa-da, saytda yoritilgan o‘rganishlarning aksariyati ijobiy hal etildi. Ayrim masalalarga mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan yetarlicha e'tibor qaratilmagani bois, takror-takror murojaat qilishga, yoritishga to‘g‘ri keldi.
Raqamlarga keladigan bo‘lsak, 130dan ortiq murojaatlar bo‘yicha joyiga chiqib, o‘rganishlar, surishtiruvlar olib borildi va tanqidiy-tahliliy maqolalar e'lon qilindi. Ularda bildirilgan muammo va masalalar yechimi yuzasidan tegishli vazirlik va tashkilotlar, idoralar va hokimliklar bilan o‘rganishlar olib borildi. 35-40 foiz murojaat ijobiy yechim topdi. Bu quvonarli albatta.
Biroq, ba'zi holatlarda mahalliy hokimliklar muammolarga ko‘r-ko‘rona yondashish, hatto Oliy sud tomonidan muddati o‘tib ketganligi vaji bilan noqonuniy sud qarori ustidan berilgan shikoyat qanoatlantirilmagan holatlar ham bo‘ldi. Shu bilan birga, achinarlisi shundaki, ayrim murojaatchilar tomonidan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini yuzaga chiqarish, kimdandir o‘ch olish, g‘arazli maqsadini amalga oshirish maqsadida OAVdan, xususan, Kun.uz tahririyatining yordamidan foydalanishga ham urinib ko‘rish holatlari bo‘ldi.
Kun.uz saytida va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘tkazilgan xayriya aksiyalari, ta'bir joiz bo‘lsa, o‘zbekistonliklarning bir maqsad yo‘lida birlasha olishlarini, yordamga muhtoj vatandoshlarining taqdiriga befarq emasliklarini ko‘rsatdi, isbotladi. O‘nlab xayriya aksiyalari o‘tkazilgan bo‘lib, buning natijasida tom ma'noda shifo istagida bo‘lgan, biroq moddiy ahvoli imkon bermagan ko‘plab fuqarolarimiz dardlariga malham topishdi, topishmoqda. Ayrimlari xorijiy mamlakatlarda davolanib qaytishgan bo‘lsa, ba'zilari hamon xorij mamlakatlarining tibbiy xizmatida davolash kurslarini o‘tamoqda. Xayriya aksiyalarida birinchi navbatda yosh bolalar, qiynalgan oilalar va mablag‘ni tez fursatlarda yig‘ib berish imkoniyati yuqori bo‘lgan murojaatlarga e'tibor qaratildi.
Aksariyat murojaatlar kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq bo‘ldi.
Uy-joy ajratilishini so‘rab murojaat qilganlar soni ham ko‘p bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligini yolg‘iz ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, qiyin sharoitda qolganlar tashkil qildi. Ammo afsuski, tahririyat murojaat qiluvchilarni uy-joy bilan ta'minlash imkoniyatiga ega emas.
Bundan tashqari, “Qishloqqurilishinvest” tomonidan qurilayotgan namunali uy-joylar borasida, xususan, ularning o‘z vaqtida qurilib foydalanishga topshirilmaganligi, narxlari bir necha bor oshirilgani, va'da qilinganidek tarzda jihozlanmaganligi, kamchiliklarga ega ekanligi to‘g‘risida juda ko‘p murojaat kelib tushdi. Ammo bu borada tegishli tashkilotlardan izoh olishga bo‘lgan urinishlarimiz zoye ketdi.
Shuningdek, ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlardan sud ishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushdi. Murojaatchilar tahririyat xodimlarining sud ishlarida ishtirok etishlarini, ish bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rganib chiqishlarini so‘rashgan. Ochig‘ini aytish lozim, tahririyat bu kabi murojaatlarning barchasi bo‘yicha ish olib bora olmadi, buning imkoni ham yo‘q, zero buncha miqdordagi murojaatlarni o‘rganib chiqish uchun butun boshli huquqshunoslardan iborat katta jamoa va bir necha kun, hattoki haftalar talab qilinadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, umuman olganda, muammoli murojaatlar va o‘tkazilgan xayriya aksiyalarining barchasi bo‘lmasa-da, ijobiy hal etilgani Kun.uz tahririyatiga ulkan mas'uliyat yuklaydi hamda kelgusi faoliyatini yanada shijoat bilan olib borishiga turtki bo‘ladi.
Umid qilamizki, 2019 yil ham barchamiz uchun samarali, ijobiy natijalar ko‘p bo‘lgan yil sifatida yodimizda qoladi.
Mavzuga oid
11:45 / 11.07.2024
Kun.uz jamoasi Axbor Imomxo‘jayev xotira turnirida kumush medalni qo‘lga kiritdi
13:11 / 08.07.2024
Kun.uz jamoasi Axbor Imomxo‘jayev xotira turnirni yirik g‘alaba bilan boshladi (fotojamlanma)
22:02 / 27.06.2024
Kun.uz'ning 4 nafar jurnalisti eng yaxshilar qatorida taqdirlandi
13:13 / 27.06.2024