O‘zbekiston | 00:19 / 04.01.2019
10158
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashida Qozog‘iston tashabbusi bilan yangi an'ana joriy qilindi

Foto: UN Photo

BMTning bosh qarorgohida Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi 2019-2020 yillarga Xavfsizlik kengashiga saylangan davlatlar milliy bayroqlari o‘rnatilishi rasmiy marosimini o‘tkazdi. Xavfsizlik kengashining yangi nodoimiy vakillari o‘z missiyasini yakunlayotgan Qozog‘iston, Boliviya, Niderlandiya, Shvetsiya va Efiopiya o‘rniga Belgiya, Germaniya, Dominikan Respublikasi, Indoneziya va JAR bo‘ldi.

BMT tarixida Xavfsizlik kengashiga yangi nodoimiy a'zolarning qo‘shilishi ilk marosimi Qozog‘iston tashabbusi bilan 2018 yil yanvarda uning raisligi vaqtida bo‘lib o‘tgan.  

Avvalroq Xavfsizlik kengashi nodoimiy a'zolari bayroqlarining kengash zali yaqinidagi matbuot devori oldida almashtirilishi texnik xarakterga ega bo‘lgan. Yangi an'anaga ko‘ra esa bu marosim BMTga a'zo davlatlar vakillari va yetakchi OAV keng ishtirokidagi rasmiy tadbirga aylandi.

“Bu tantanali marosimdan maqsad BMT Xavfsizlik kengashining yangi a'zolariga hurmat va e'tirof ko‘rsatilishi hisoblanadi. Xavfsizlik kengashining barcha 15 a'zosi bu marosim har yillik an'anaga aylanishini bir ovozdan ma'qullashgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakili Qayrat Umarov.

Qozog‘istonning BMTdagi vakolotxonasi Xavfsizlik kengashi faoliyatiga hurmat ramzi sifatida Qozog‘istonda ishlab chiqilib, milliy uslubda bezalgan bayroqlar uchun maxsus tagliklarni tuhfa qilgan.

Bayroqlar almashtirilishi tadbirida Dominikan Respublikasi tashqi ishlar vaziri  Migel Vargas, Belgiya, Germaniya, Indoneziya, Janubiy Afrika Respublikasi hamda Xavfsizlik kengashida missiyasini yakunlayotgan davlatlarning BMTdagi doimiy vakillari, BMT kotibiyati va OAV ishtirok etgan.

Qozog‘iston Xavfsizlik kengashidagi 2 yillik ishini 31 dekabrda yakunladi. 

Mavzuga oid