Sport | 23:46 / 06.01.2019
19358
3 daqiqa o‘qiladi

2019 yilgi Superliga yangi formatda o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

2019 yilgi O‘zbekiston chempionatida 12ta klub g‘oliblik uchun kurash olib boradi va u yangi formatda o‘tkaziladi, deb xabar beradi PFL.

2018 yilgi mavsumda Superliga bellashuvlari “oltin ochko” qoidasiga ko‘ra o‘tkazilgan va klublar jami 32ta o‘yinda maydonga tushgandi. 

Professional futbol ligasi 2019 yilda 12ta klub uchun ishlab chiqilgan yangi formatni sinab ko‘rishga qaror qildi. Unga ko‘ra, jamoalar uy-safar tizimida jami 22ta tur o‘yinlarini o‘tkazadi. Qolgan 11ta tur esa 22-turdan keyingi turnir jadvaliga qarab tuzib chiqiladi.

Bunda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan klub uchinchi davrada 2-o‘rin sohibini o‘z uyida qabul qiladi hamda 3-o‘rin maydoniga safar etadi. 4-o‘rin egasini o‘z uyida qabul qiladi va 5-o‘rinni egallagan klub maydoniga safar etadi. Shu tariqa istalgan jamoa 22-tur yakuniga ko‘ra o‘zidan keyingi o‘rinda turgan klubni o‘z maydonida qabul qiladi va keyingisining maydoniga safar etadi.

Bu formatda jamoalar mavsum oxiriga qadar ikkiga ajratilmaydi. Klublar ishlagan ochkolari saqlanib qoladi. Uchinchi davra taqvimi 22-tur yakuniga yetganidan so‘ng muxlislarga havola etiladi. Turlar ketma-ketligi yil avvalida tashlangan qur'a qanday ko‘rinish olgan bo‘lsa, 33-turga qadar shu ketma-ketlikda qoladi.

PFL hamda O‘FA chempionatning avvalgi formati o‘zini oqlamagani uchun emas, ikki yo‘lni solishtirish uchun ham shunday qarorga keldi. Agar 2020 yilda ham jamoalar soni 12ta bo‘lib qolaversa, u holda so‘nggi ikki yildagi formatdan qay biri yaxshiroqligi borasida katta so‘rovnoma o‘tkaziladi. U vaqtda ikkita formatni solishtirib olish imkoniyati bo‘ladi.

Mavzuga oid