O‘zbekiston | 17:08 / 07.01.2019
4056
5 daqiqa o‘qiladi

Respublikadagi ilk “Innovatsion rivojlantirish Kengashi” Navoiy viloyatida tashkil etildi

Navoiy viloyati yosh va navqiron viloyat bo‘lsa-da, mamlakatning  iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘ringa ega. Mazkur hududda yer osti va yer usti tabiiy boyliklarining nihoyatda mo‘lligi, ularni qazib olish va qayta ishlash uchun zamonaviy talablarga javob beruvchi yirik sanoat korxonalarining mavjudligi hamda aholining ishbilarmon tadbirkorligi bugunga kelib Navoiyni har tomonlama taraqqiy topgan,  obod-u farovon hududga aylantirdi. 

Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohaning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlar talaygina. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan viloyat hokimligi hamkorligida ilk bor Navoiyda “Innovatsion rivojlantirish Kengashi” tashkil etildi. Ushbu Kengash ana shunday tadbirkorlar hamda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, kerakli takliflarni ishlab chiqadi. Shuningdek, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni tashkil etishda yangi g‘oyalar va eng ilg‘or xorij tajribalarini amaliyotga joriy qilish hamda axborot kommunikatsion texnologiyalaridan keng foydalangan holda yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni shakllantirishda ko‘maklashadi. 

- “Innovatsion rivojlantirish Kengashi”ni tashkil etish davomida viloyatdagi tadbirkorlar faoliyati bilan tanishuv uchrashuvlari va “Biznes sayohat”lar uyushtirildi.  Ilg‘or tadbirkorlar “Navoiy EIZ”,“Green Line Profile” va “Telekom divers Pro”, “Polietilen quvurlari” kabi qo‘shma korxonalarda bo‘lib, o‘zaro bilim va tajribalar almashildi. Tadbirkorlarning Germaniyaga safarida ushbu korxonalar targ‘ibotini olib borish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi, - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat Kengashi raisi Jamshid Xo‘jayev. - Kengash a'zolari endi har oyda bir marotaba yig‘ilish o‘tkazib, hudud iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga va investorlarni jalb etishga qaratilgan masalalarni muhokama etadi.  

“Innovatsion rivojlantirish Kengashi” raisi lavozimiga iqtisodchi-marketolog “DEKOS” kompaniyasi asoschisi Hasan Mamasaidovning nomzodi tasdiqlandi. Ta'sis yig‘ilishida Kengash rais o‘rinbosarligiga viloyat hokimi Kobul Tursunov saylandi.

- 2019 yil avvalida tajribali tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, sohaga oid bahs-munozaralar, fikr-u mulohazalar va o‘quv mashg‘ulotlari kelgusidagi faoliyatimizda albatta asqatadi. Men ham bugun viloyatimizda tashkil etilgan “Innovatsion rivojlantirish Kengashi” a'zosi etib ham saylandim. Bu esa yelkamdagi mas'uliyatni yanada oshirib, yurtimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga mehnatim orqali o‘z hissamni qo‘shishimga imkon beradi, - deydi tadbirkor Obid Saidov.

2 kunlik tashrif davomida 12 nafar tajribali tadbirkorlar va navoiylik yoshlar ishtirokida hududni yanada rivojlantirishda zamonaviy, innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish bo‘yicha bir qator davra suhbatlari, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi uchrashuvlar, yosh tadbirkorlar uchun tajribali tadbirkorlarning biznes sirlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Barcha mashg‘ulotlarni xorijiy mamlakatlarda tahsil olib, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan yuqori malakali tadbirkorlar olib borishdi. Loyihada “DELI” kompaniyasi asoschisi Husan Mamasaidov “EDU-ACTION” kompaniyasi asoschisi Umidjon Ishmuxamedov, “GroundZero Kitob Olami” kovorking markazi boshqaruvchisi Temur Umarov, “Le Bazar.uz” marketing direktori Azizbek Yusupovlar o‘z ma'ruzalari bilan qatnashib, muvaffaqiyatga qadar bosib o‘tilgan yo‘llar haqida yoshlar bilan muloqot qildi.

- Hozirgi kunda chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan talab tobora ortmoqda. Til o‘rganish istagidagi yoshlar ham kam emas. Ular til o‘rganib, chet el grantlarini yutish uchun imtihon topshirishadi. Nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda ham ingliz tilida imtihon topshiruvchi yoshlarni yig‘ib, mas'ullar hududning o‘ziga kelib imtihon olishsa, ancha qulaylik yaratiladi. Natijada yoshlarning ham mablag‘i, ham vaqti tejaladi. Bu g‘oyani Navoiy viloyatida ham amalga oshirishni rejalashtirdim, - deydi “EDU-ACTION” kompaniyasi asoschisi Umidjon Ishmuxamedov.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid