Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navoiyda kuchli sel keldi. Talafotlar bor
Xatirchi tumanida 7 ta mashina, bir nechta uy-joylar sel oqimlaridan zarar ko‘rdi. Tumanning Angidon, Langar, Kattasoy va Maydonsoy hududlarida soy yaqinida yashovchi aholi vaqtinchalik xavfsiz hududga ko‘chirilgan.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida kuchli sel oqimlari kuzatildi. Hodisa guvohlarining Kun.uz'ga xabar berishicha, jiddiy talafotlar bor.
Holat eks etgan videolarda sel mashinalarni oqizib ketganini, yo‘lga zarar yetkazganini ko‘rish mumkin. Guvohlardan biri bitta uy qulaganini ham aytib o‘tgan.
“Qishlog‘imizga kirish va chiqishdagi asosiy ikkita yo‘lni ham sel bosdi. Yo‘llar yaroqsiz holga kelmagan bo‘lsin, deb turibmiz. Yo‘qsa, qishloqqa kirib-chiqish ma’lum muddat cheklanib qolishi mumkin”, deydi Kun.uz bilan gaplashgan Langar qishlog‘ida yashovchi guvohlardan biri.

Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarining ayrim hududlarida sel oqimlari kuzatilib, 2 ta mashina, 5 bosh yirik shoxli mol sel oqimida oqib ketgan. 7 ta xonadon tomorqa hududlariga suv kirgani aniqlangan.
“Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga jami 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan. Fuqarolar orasida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmadi”, deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, Xatirchi tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi xarsang toshlar bilan to‘silib qolishi oqibatida 7 ta mashina va bir nechta uy-joylar sel oqimlaridan zarar ko‘rgan.
Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Angidon, Langar, Kattasoy va Maydon soylari yaqinida yashovchi aholi vaqtinchalik xavfsiz hududga ko‘chirilgan.
Ayni paytda vaziyat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hududlarda monitoring ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi FVV xabarida.

Avvalroq Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
11:52
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
17:15 / 30.06.2026
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
16:36 / 22.06.2026
Sariosiyodagi xalqaro ahamiyatga ega ko‘prikka sel zarar yetkazdi, harakat vaqtincha to‘xtatildi
08:25 / 19.06.2026