Vazirlar Mahkamasining “Fermer xo‘jaliklarni va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda tizimli muammolar mavjudligi sohani barqaror rivojlantirishga salbiy ta'sir etmoqda.
Jumladan:
birinchidan, yerlarni noqonuniy ajratish va ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, 2018 yilda 2 638 ta holatda 16 447 gektar maydondan noqonuniy foydalanilgan hamda 1 502 ta holatda 28 427 gektar ekin yerlari noqonuniy ajratilgan;
ikkinchidan, yerlardan, ayniqsa sug‘oriladigan yerlardan noqonuniy foydalanish, shaxsiy manfaati yo‘lida yakka tartibda uy-joy yoki boshqa bino va inshootlarni qurib olish holatlari ortib bormoqda, jumladan, 2018 yil davomida respublika bo‘yicha 4 062 holatda 622 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, yakka tartibda uy-joy yoki boshqa bino va inshootlar qurib olinganligi aniqlangan;
uchinchidan, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarining konturlari kesimida ekinlarni joylashtirish va hosildorlikni belgilash bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarning shaffofligi va xolisonaligi ta'minlanmayapti. Bu esa, ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlarini shartnomaga nisbatan ko‘p yoki kam ekilishiga, hosildorlikning adolatsiz belgilanishiga sabab bo‘lmoqda;
to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tuproq unumdorligini oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash xamda zamonaviy resurstejamkor innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga e'tibor qaratilmayapti, jumladan, tomchilatib sug‘orish tizimi bor-yug‘i 43,1 ming gektar yoki jami sug‘oriladigan maydonning atigi 1 foizida joriy qilingan.
Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga faoliyat yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari rahbarligida Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga faoliyat yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar ishchi guruhlari tashkil etiladi.















