O‘zbekiston | 20:40 / 11.01.2019
31320
6 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot vazirligi qayta tashkil etildi

10 yanvar kuni O‘zbekiston prezidentning «Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etilgan.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilangan:
- makroiqtisodiy indikatorlarni tahlil qilish va prognozlash asosida iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyotning real sektori holati, tashqi bozorlari kon'yunkturasi hamda global va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari bilan bog‘liq holda iqtisodiyot asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish;
- xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va «xufyona» iqtisodiyot ulushini qisqartirish uchun qulay sharoit yaratish, jumladan iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini qisqartirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, moliyaviy va ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish qulayligini ta'minlash, shuningdek, kichik sanoat zonalari salohiyatidan samarali foydalanish orqali bunga erishish;
- milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va diversifikatsiya qilishni, shuningdek, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uyg‘unligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanish asosida mamlakat sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqish;
- innovatsiya qurilmalari va texnologiyalarini joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlov berish tarmoqlarini jadal rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish asosida tovar bozorlari muvozanatini ta'minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan sanoat siyosatini amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida uning importga qaramligini kamaytirish orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish; shuningdek respublika hududlari va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish;
- urbanizatsiya sohasida davlat siyosatini kuchaytirish, ishlab chiqarishlarni oqilona joylashtirish, turar joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan samarali tartibga solishni ta'minlash, shuningdek yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish;
- barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, sanoat salohiyatini mustahkamlash va hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida investitsiyalarni jalb qilish sohalari va tarmoqlarini aniqlash orqali mamlakatning faol investitsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirishning asosiy resurslari va omillaridan biri sifatida inson kapitalining darajasi va sifatini, ustuvor ravishda qishloq joylarida, yaxshilash bo‘yicha kompleks tahlil olib borish va chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
- iqtisodiyot organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini ta'minlash, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, vazirlik apparati va uning tarkibiy bo‘linmalarining, ustuvor ravishda o‘ziga biriktirilgan sohadagi aniq natijalarga erishish, oldiga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi uchun xodimlarning shaxsiy javobgarligini oshirishga yo‘naltirilgan ish shakllari va usullarini takomillashtirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda ko‘maklashish, mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlari va investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish doirasidagi loyihalarni, ularning loyiha oldi, loyiha va tender hujjatlarini, texnik topshiriqlarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha idoralararo kompleks tizimini tashkil qilish.

Shuningdek, vazirlik mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirish sohasida davlat siyosatini, shuningdek investitsiya siyosatining strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Endilikda, barcha normativ-huquqiy hujjat loyihalarini Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishish hujjat Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritishdan oldin amalga oshiriladi.

Kichik sanoat zonalari hududida qiymati 7 mln AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar vazirlik bilan kelishiladi.

Vazirlik 2019 yil 1 iyungacha O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqadi.

Shuningdek, Farmon bilan Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tarkibida Xodimlarning malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etildi.

Kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun imtiyoz va preferensiyalar amaldagi ishtirokchilar uchun 2020 yil 1 yanvargacha saqlab qolgan holda bekor qilindi.

Shuningdek, kichik sanoat zonalari ishtirokchilari uchun quyidagi huquqlar berildi:

- bino va inshootlarga mulk huquqini rasmiylashtirish;
- investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan taqdirda o‘zlariga berilgan binolar va inshootlarni xususiylashtirish;
- rekonstruksiya qilish yoki kapital ta'mirlashni o‘z mablag‘idan amalga oshirgan taqdirda, binolar va inshootlarni xususiylashtirish.

Mavzuga oid