Jahon | 20:49 / 13.01.2019
21158
2 daqiqa o‘qiladi

DNK strukturasini ochgan Nobel sovrindori irqchilik uchun unvonlaridan mahrum etildi

Foto : Joel Rennich/UPI

DNK strukturasini birinchi bo‘lib ochgan va bu kashfiyoti uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan olim Jyeyms Uotson Kold-Spring-Xarbordagi laboratoriyada unga berilgan unvonlardan mahrum etildi. Uotson o‘z vaqtida shu laboratoriyaga rahbarlik qilgan. Bunga esa uning hujjatli filmda turli irq vakillarining aqliy qobiliyatlari tengligini shubha ostiga qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Uotson Nobel mukofotini 2 ta spiral ko‘rinishidagi DNK strukturasini ochgani uchun 1962 yilda olgan. U o‘z faoliyatining katta qismini Nyu-York yaqinidagi xususiy tadqiqot instituti – Kold-Spring-Xarbordagi laboratoriyaga bag‘ishlagan. Hozirda laboratoriyada 400 ga yaqin kishi ishlaydi, o‘z vaqtida unda 9 nafar Nobel sovrindori faoliyat olib borgan. Uotson 1968 yilda laboratoriyaga direktor etib tayinlangan, 1994 yilda prezident va 2004 yilda faxriy rahbar unvonlari bilan taqdirlangan.

Olim 2007 yildagi intervyusida yevropoid va negroid irqi vakillarini aqliy qobiliyat borasida teng deb hisoblamasligini aytgan. U shu qarashlari uchun hamkasblari va jamoatchilik tomonidan tanqidga uchrab, hattoki ishidan mahrum bo‘lgan. Joriy oyda chiqqan yangi hujjatli filmda olim hali ham fikri o‘zgarmagani, yevropaliklar va qora tanlilar o‘rtasidagi irsiy farqlar ularning aqliy qobiliyatlaridagi sezilarli farqlar ko‘rinishida namoyon bo‘lishini aytgan. 

Bunga javoban Uotson bir vaqtlar boshqargan laboratoriya olimning qarashlarini “tanbeh berishga loyiq” va “fan tomonidan tasdiqlanmagan” deb atagan va “olimning asoslanmagan va mas'uliyatsiz fikrini qat'iyan rad etishini” aytgan. Shu sababli laboratoriya Uotsonni faxriy rahbar, Oliver Greys nomidagi faxriy professor hamda vasiy unvonlaridan mahrum etishga qaror qilgan. 

Mavzuga oid