1950-yillar o‘rtalari, AQShning Alabama shtatidagi Montgomeri shahri. Ertalabdan kechgacha davom etgan og‘ir ishdan qaytayotgan afroamerikalik ayol avtobusga chiqadi. So‘ng avtobusning orqa qismidagi qora tanlilar o‘tirishi belgilangan joyga o‘tiradi.

Ko‘p o‘tmay navbatdagi bekatdan avtobusga oq tanli bir kishi chiqadi. Avtobusdagi barcha o‘rindiqlar band edi. Shunda u qora tanli ayolning oldiga keladi, joy bo‘shatishini talab qiladi. Ayol uning talabini bajarmaydi. Oq tanli politsiya chaqiradi va ayol hibsga olinadi.

Shundan so‘ng hodisadan xabar topgan Montgomeridagi barcha qora tanlilar avtobuslarga chiqishga boykot e’lon qilishadi. Keyinroq esa qora tanlilarga qilinayotgan nohaqliklarga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi.

Qora tanli ayol qamalishi ortidan boshlangan namoyishlar o‘n yildan oshiq davom etadi va oxir-oqibat AQShda qora tanlilarga qo‘yilgan turli cheklovlar bekor qilinishi bilan tugaydi.

Quyida AQShda qora tanlilar qul qilinishi, quldorlik tugatilishi va afroamerikaliklarga joriy qilingan barcha cheklovlar bekor qilinishi tarixi haqida hikoya qilamiz. Bu ishlar boshlanishida aynan Montgomeri shahridagi avtobus boykoti muhim o‘rin tutgandi.

1950-yillarda AQShda avtobusning old o‘rindiqlarida oq tanlilar, orqa o‘rindiqlarda qora tanlilar o‘tirgan. Qora tanlilar joy bo‘sh bo‘lsa ham oq tanlilarga mo‘ljallangan joyga o‘tira olmagan.
Foto: alamy.com

AQShda quldorlik va uning bekor qilinishi

1492 yilda Xristofor Kolumb «Yangi dunyo»ni kashf etganidan so‘ng 300 yil davomida yangi qit’aga Afrikadan tirik yetkazib borilgan qullar soni 10 milliondan ko‘p bo‘lgani aytiladi. Bugun G‘arbiy yarim sharda yashayotgan afroamerikaliklarning aksariyati o‘sha qullarning avlodlari hisoblanadi.

XIX asrga kelib G‘arbiy yarimsharda qullikka qarshi bo‘lgan sog‘lom fikrli odamlar ko‘paydi. Ayniqsa, mintaqaning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan AQShda quldorlikka qarshi harakatlar jiddiy tus oldi va uni bekor qilish uchun mamlakat bo‘ylab harakatlar boshlandi.

1808 yilda AQSh Kongressi mamlakatga Afrikadan qul olib kelib sotishni taqiqlaydigan qonun qabul qiladi. Ammo bu qonun mamlakatdagi qul savdosini to‘xtata olmaydi. Qulfurushlar AQShga kontrabanda yo‘li bilan Afrikadan tirik odamlarni olib kelib sotaverishadi.

Shundan so‘ng quldorlik va qullik bekor qilinmasa, natijaga erishib bo‘lmasligini tushungan hukumat AQShda qullik va quldorlikni bekor qilish haqida qonun loyihasini tayyorlaydi.