O‘zbekiston | 23:28 / 16.01.2019
5920
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Kudbiyev Yaponiyada: O‘zbekiston fuqarolarini tanlash dasturi va stajyorlarni texnik tayyorlash masalalari muhokamada

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

13-17 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning Yaponiyaga tashrifi amalga oshmoqda. Vazirlikning Facebook sahifasida ma'lum qilinishicha, ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad Yaponiyada stajyorlarni texnik tayyorlash dasturi bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, Yaponiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan holda tanlash dasturini amalga oshirishni tashkillashtirishdan iborat. 

15 yanvar kuni Sherzod Kudbiyev Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vaziri janob Takumi Nemoto bilan uchrashdi. Tomonlar kelgusidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari, O‘zbekistondan borgan stajyorlarni Yaponiyada texnik tayyorlash dasturini amalga oshirish mexanizmlari kabi masalalarni muhokama qilishdi.  

Nemoto joriy yil aprel oyidan kuchga kirishi kutilayotgan immigratsiyaga oid  yangi qonunchilik doirasida O‘zbekistonni Yaponiyadagi ishchi kuchlari ekspert mamlakatlar ro‘yxatiga kiritishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunida Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida stajyorlarni texnik tayyorlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash marosimi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, texnik stajyorlar dasturini (OTIT) amalga oshirish bo‘yicha tashkilot raisi janob Yoshio Suzuki bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.     

Yoshio Suzuki tashqi mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda ko‘maklashishga, shuningdek, Yaponiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz huquqi va manfaatlarini himoyalashda yordam berishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Tashkilot rasmiy saytiga texnik stajyorlar haqidagi ma'lumotlarni joylashtirish maqsadida texnik stajyorlarni tanlash bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekistonning amaldagi xususiy bandlik agentliklari ro‘yxatini taqdim etish so‘raldi.   

Yaponiya Parlamenti binosida Maslahatchilar Palatasi a'zosi, “Kibo” partiyasi vakili janob Matsuzava Shigefumi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida migratsiyaga oid Yaponiya qonunchiligidagi o‘zgarishlarning kuchga kirishi doirasida o‘zbek-yapon hamkorligining kelgusi istiqbollari muhokama etildi.

Shigefumi o‘zbek delegatsiyasiga Yaponiyaning yaqin besh yil ichida 350 ming nafar xorijiy ishchini qabul qilishni rejalashtirayotgani haqida ma'lumot berdi va ishga joylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jalb etishga qiziqish bildirayotganini ta'kidladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid