Iqtisodiyot | 20:02 / 16.01.2019
10416
9 daqiqa o‘qiladi

Yangi bozor sharoitiga o‘tish davrida birja ko‘rsatkichlari

Foto: Pixabay

Yakuniga yetgan 2018 yil mamlakatimizda jamiyatimizning barcha sohalarida yuz bergan dinamik hodisalarga boy bo‘ldi. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da xalqning turmush darajasini oshirishga xizmat qiluvchi keng miqyosli loyihalar amalga oshirildi. Mazkur ijobiy o‘zgarishlar bozor prinsiplari asosida hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki bilan yuz berganligi alohida e'tiborga loyiqdir. Mamlakatimiz rahbari bir necha marotaba O‘zbekistonni rivojlantirishning yagona yo‘li – haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish, deb ta'kidlagani ham bejizga emas.

O‘tgan yilda sodir bo‘lgan katta o‘zgarishlar bozor infratuzilmasining asosiy shakllaridan biri hisoblangan birja institutlari sohasiga ham ta'sir o‘tkazdi. Xususan, O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi 2018 yilda rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bunga birinchi o‘rinda tovar bozorlari, birja faoliyati va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim me'yoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi turtki berdi.

Umuman olganda, o‘tgan yil davomida “O‘zRTXB” AJ da ochiq birja savdolari orqali ichki va tashqi bozorlarga sotiladigan tovarlar hajmi o‘sdi va ularning nomenklaturasi kengaydi, barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, jumladan, tadbirkorlarning moddiy-texnika resurslaridan foydalanish imkoniyati oshdi, tovar bozorlarida sog‘lom raqobat kuchaydi va real bozor sharoitlarini hisobga olgan holda tovarlarga narx belgilashning zamonaviy mexanizmi joriy etildi. Shu bilan birga, O‘zRTXB o‘z mijozlari uchun yangi xizmatlarni taqdim etgan holda biznes jarayonlarga innovatsion yechimlarni faol ravishda joriy etishni davom ettirdi.

Birjaning tovar aylanma dinamikasi uning faoliyatini baholashda eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida o‘tgan yil yakunlarini yaqqol namoyon etmoqda. 2018 yilda O‘zRTXB da imzolangan bitimlarning qiymati 31,8 trln so‘mni tashkil qildi, bu esa 2017 yilgi natijadan 2,3 barobar ortiq ekanligini ko‘rsatdi. Bundan birja savdolarining ulushi 90 foiz yoki 28,7 trln so‘mni tashkil qiladi. Sotuv hajmining real o‘sishi quyidagi birja tovarlari bo‘yicha qayd etilgan: Mineral o‘g‘itlar – 8 karra, dizel yoqilg‘isi – 7 karra, qora metall prokati – 4 karra, paxta linti – 2,5 barobar, sement – 61% va polipropilen – 40,2% ga oshgan. Birjaning kotirovka varag‘iga 9,5 mingta yangi standart shartnomalar kiritilgan, shu jumladan 112 ta yangi shartnomalar eksport pozitsiyalari uchun ochildi.

Birja aylanmasining o‘sishi natijasida elektron savdolarga 37 mingdan ziyod yangi mijozlar jalb etildi, ularning asosiy qismini tadbirkorlar tashkil qiladi. Shu o‘rinda birjada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2017 yilga nisbatan 70% ga o‘sib, 15,9 trln so‘mga yetdi. Ular birja orqali 11,2 trln so‘mga teng tovarlarni xarid qilishgan va o‘zlarining 4,7 trln so‘mlik mahsulotlarini sotishgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar bir tomondan mamlakatimizda son va sifat jihatdan tadbirkorlik faoliyati rivojlanayotganligidan dalolat bersa, yana bir tomondan ular zamonaviy savdo operatsiyalarini amalga oshirishdan asosli ravishda manfaatdor ekanligini ham namoyon etmoqda.

Shu bilan birga O‘zRTXBning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblangan elektron tijorat sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar qayd etildi. 2018 yilda avtoraqam.uzex.uz saytida 24,0 mingdan ziyod avtomobil raqam belgilari sotildi. Avtoraqamlar savdosi o‘tgan yilning iyul oyida ularning boshlang‘ich narxlari pasaytirilgandan so‘ng keskin oshdi. Onlayn auksion orqali sotilgan avtomobillar uchun davlat raqam belgilarining umumiy qiymati 121,7 mlrd so‘mdan oshib ketdi, ularning o‘rtacha bahosi esa 5,1 mln so‘mni tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida ko‘rgazma-yarmarka savdolari platformasida V2V kelishuvlarning hajmi 1,1 trln so‘mdan oshdi. Bu borada eng katta ulushlarni kimyo sanoati (38%), metall mahsulotlari (14%), oziq-ovqat mahsulotlari (11%) va qurilish materiallari (5%) egallaydi.

2018 yildagi yana bir yangiliklardan biri O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risidagi” Qonunining qabul qilinishi va “O‘zRTXB” AJning davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali – xarid.uz ning operatori etib tayinlanganligi bo‘ldi. Mazkur portal orqali butun respublika bo‘ylab tovar yetkazib beruvchilari, xususan biznes sub'yektlari onlayn rejimda davlat buyurtmalarini amalga oshirish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu o‘z navbatida davlat xaridlarining ochiqligini ta'minlash, sohada “xufiyona iqtisodiyot” elementlarini bartaraf etish va raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi.

Shuni ta'kidlash kerakki, davlat xaridlarining elektron tizimiga kiritilgan yana bir muhim yangililiklardan biri bu – elektron xaridlarni faqat elektron raqamli imzo yordamida amalga oshirilishi va shartnoma shartlarini bajarilish kafolatini hisob-kitob kliring palatasi orqali ta'minlanishi bo‘ldi.

Bularning natijasida, 2018 yil davomida xarid.uz portali orqali qiymati 1,9 trln so‘mdan ortiq 513 mingta bitimlar imzolandi. Shu bilan birga, budjet va korporativ buyurtmachilar 320,0 mlrd so‘m mablag‘ tejab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Tuzilgan bitimlarning 96% ga yaqini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonning tashqi dunyoga yanada kengrok ochilishi sharoitida “O‘zRTXB” AJ rahbariyati tashqi aloqalarni o‘rnatish va xorijiy hamkorlar, birinchi navbatda, yaqin qo‘shni mamlakatlarning birjalari bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirishga e'tibor qaratdi. Natijada Qozog‘istonning “YeTS” savdo birjasi, “Qirg‘iziston fond birjasi” AJ va “Belorussiya universal tovar birjasi” AJ bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. “Moskva birjasi” AJ, “Sankt-Peterburg xalqaro tovar – xomashyo birjasi” AJ, “Kaspiy” tovar birjasi” AJ, “Tojikistonning Osiyo fond birjasi” AJ va Turkiyaning “Borsa Istanbul” fond birjasi bilan birjalararo ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi. MDH Xalqaro birjalar uyushmasi, Yevro-Osiyo fond birjasi Federatsiyasi (FEAS) va Xalqaro fyuchers uyushmasi (AFM) bilan o‘zaro hamkorlik aloqalar yanada kuchaytirildi.

Imzolangan kelishuvlarni amalda tatbiq etish ishlari doirasida birja savdolarini tashkil qilish yuzasidan tajriba almashildi, savdo tizimlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlik borasida seminarlar, forumlar va uchrashuvlar o‘tkazildi, tomonlarning brokerlik idoralari o‘zaro akkreditatsiya qilindi. Shu bilan birga Olma-ota va Minsk shaharlarida O‘zRTXBning xorijiy savdo maydonchalari ochildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahalliy tovarlarni tashqi bozorlariga olib chiqishdan iboratdan. Ana shu yutuqlar samarasi o‘laroq, birjada amalga oshirilgan eksportning hajmi 2,1 karraga oshib, 125,9 mln AQSh dollarni tashkil qildi. Eksport tushumida eng katta ulushlarga paxta tolasi (35%), polietilen (29%), mis (13%) va sanoat moyi (6%) ega bo‘ldi.

Tovar bozorlarida barqarorlikni ta'minlash maqsadida birja savdolariga bevosita import tovarlarini ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishga xizmat qiluvchi butunlay yangicha bozor mexanizmi joriy etildi. Masalan, Qozog‘istonning “SAS-Tobe Technologies” sement zavodi 2018 yilning avgust-dekabr oylarida O‘zRTXBning birja savdolari orqali qiymati 1,7 mlrd so‘mga teng 4,2 ming tonnadan ziyod sement sotdi. Mazkur ishlab chiqaruvchining import sementi bo‘yicha birja kotirovkasi o‘rtacha hisobda 1 tonna uchun 421,7 ming so‘mni tashkil qildi. Bu esa rezidentlar tomonidan o‘tgan yil mobaynida olib kirilgan va birja savdolarida sotilgan sementning o‘rtacha bahosidan 34% ga past ekanligini ko‘rsatdi.

Shu tariqa, 2018 yil birja savdolarini rivojlantirish va erkinlashtirish, elektron tijoratni ommalashtirish va birja amaliyotiga innovatsion yechimlarni joriy qilishda muhim davr bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida “O‘zRTXB” AJ o‘z faoliyatining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining yangi modeliga mos tarzda tovar segmentlarida ochiq-oydinlik, shaffoflik va raqobat kabi an'anaviy birja prinsipiga asoslangan holda muvaffaqiyatli davom ettirdi.

 

Xikmatullo Tillaboyev
“O‘zRTXB” AJ Matbuot kotibi

Mavzuga oid