O‘zbekiston | 10:41 / 16.01.2019
17846
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslarning korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi bo‘yicha nizomga o‘zgartirishlar kiritildi

Yuridik shaxslar tomonidan milliy valutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Buxgalter.uz.
 
O‘zgartirishlar bilan korporativ «plastik» vositasida to‘lovlar amalga oshirilganda yuridik shaxs buxgalteriyasi tomonidan qabul qilinadigan hisobot hujjatlari ro‘yxatiga tuzatish kiritildi. Eslatib o‘tamiz, ayni paytgacha terminallar kvitansiyalarining asl nusxalari, unga ilova qilingan tegishli savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha to‘lovni terminal orqali qabul qilgan xizmatchining imzosi va «to‘landi» muhri qo‘yilgan schyotlar va kvitansiyalar ana shunday hujjatlar sifatida xizmat qilar edi.
 
Birinchidan, endi ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha schyotlar va kvitansiyalarda to‘lovni terminal orqali qabul qilgan xizmatchining imzosi bo‘lishi talab etilmaydi.
 
Ikkinchidan, hisobot hujjatlariga elektron tijorat bitimlaridagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar hamda qonun hujjatlarida belgilangan tegishli rekvizitlarga ega bo‘lgan boshqa hujjatlar kiritildi.
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 noyabrdan boshlab yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblar oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan, biroq invoys (hisobvaraq-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
 
Shu sababli yuridik shaxs bilan elektron tijorat bitimini amalga oshirishda korporativ karta vositasida to‘lov to‘langanda, yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar berilishidan qat'i nazar, quyidagilar rasmiylashtiriladi:  
 
a) hisobvaraq-faktura – tovarlar realizatsiya qilinganda (sababi aholiga tovarlar naqd pulga sotilgandagina cheklar va kvitansiyalar hisobvaraq-faktura o‘rnini bosadi);
 
b) ishlar yoki xizmatlar realizatsiya qilinganda – ular haqiqatda bajarilganini, ko‘rsatilganini tasdiqlovchi (masalan, bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar dalolatnomasi va h.k.), Soliq kodeksining 222-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjat.       
 
Hujjat 11.01.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid