O‘zbekiston | 18:15 / 18.01.2019
22417
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi institut tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi. Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazining Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

paxta-g‘allachilik, sabzavot-polizchilik, bog‘dorchilik va boshqa ekinlarni parvarish qilishda intensiv texnologiyalarni qamrab olgan holda qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirish bo‘yicha barcha agrotexnik tadbirlarni to‘liq mexanizatsiyalashni ta'minlaydigan istiqbolli mashinalashgan agrotexnologiyalar va resurslarni tejaydigan texnika vositalarini ishlab chiqish va joriy etish;

lalmi yerlar va cho‘l yaylovlarida don, moyli va ozuqabop ekinlar yetishtirish bo‘yicha yangi agrotexnologiyalar va texnika vositalarini yaratish va joriy etish yo‘li bilan mahsuldorligi kam yerlardan foydalanish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni bajarish;

qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, tashish va qayta ishlash jarayonlarining samaradorligini, jumladan, noan'anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda axborot texnologiyalarini qo‘llash va agrotexnologik tadbirlarni kompleks avtomatlashtirish hisobiga oshirishga qaratilgan innovatsion ishlarni amalga oshirish;

xorijiy va mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik texnikasi va texnika vositalarining yangi zamonaviy turlaridan respublika qishloq xo‘jaligida samarali foydalanishga doir ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish;

qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi boshqa ilmiy va oliy ta'lim muassasalari hamda mashinasozlik korxonalari, shuningdek, xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan ilmiy-texnik kooperatsiya o‘rnatish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan bino va inshootlarni saqlash, shuningdek, xodimlarning (ilmiy xodimlardan tashqari) ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid