O‘zbekiston | 09:06
540
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘onistonga qishloq xo‘jaligi urug‘liklarini beg‘araz yetkazib berdi

O‘zbekiston Afg‘oniston fermerlari va agrar tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori sifatli urug‘liklarini beg‘araz asosda yetkazib berdi. Yordam mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari topshirildi.

Beg‘araz yordam tarkibiga ob-havo sharoitlariga chidamli va sertifikatlangan 20 tonna chigit, 20 tonna sholi urug‘i, shuningdek, 500 kilogramm yuqori sifatli sabzavot va poliz ekinlari urug‘lari kiritildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur amaliy ko‘mak Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi bandligini oshirish hamda agrar sohada zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, bu tashabbus O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shishga qaratilgani qayd etilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bunday amaliy hamkorlik qo‘shnichilik tamoyillari va o‘zaro manfaatli munosabatlarning muhim namunasi hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid