Bugun, 21 yanvar kuni Osiyo Kubogida nimchorak final doirasida yana 3ta o‘yin bo‘lib o‘tadi.
Kunning birinchi uchrashuvi guruh bosqichida O‘zbekistonga guruhdosh bo‘lgan va birinchi o‘rinni egallagan Yaponiya terma jamoasi hamda E guruhida Qatardan ortda qolib, ikkinchi bo‘lgan Saudiya Arabistoni o‘rtasida kechadi. Bu o‘yin mahalliy vaqt bilan soat 15:00da (Toshkent vaqti bilan soat 16:00da) boshlanadi. Bu juftlik g‘olibini keyingi bosqichda Vetnam kutmoqda. Chorak final o‘yini 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi 1/8 finalidan o‘rin olgan uchrashuvda Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Al-Ayn shahridagi «Xalifa bin Zayd» stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:00da (Toshkent vaqti bilan soat 19:00da) boshlanadi.
Guruh bosqichida O‘zbekiston F guruhida ishtirok etib, Yaponiyadan keyin ikkinchi o‘rinni olgan, Avstraliya esa B guruhida Iordaniyadan ortda qolgan va ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqan. Bu juftlik g‘olibi chorak finalda, 25 yanvar kuni BAA-Qirg‘iziston juftligi g‘olibi bilan bellashadi.
Kunning uchinchi o‘yini esa turnir mezbonlari Birlashgan Arab Amirliklari hamda Qirg‘iziston o‘rtasida kechadi. Uchrashuv 22:00 da boshlanadi. BAA guruh bosqichini A guruhida o‘tkazib, 5 ochko bilan 1-o‘rinni egallagandi. Qirg‘iziston esa C guruhidan uchinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqan. Yuqorida aytilganidek, bu juftlik g‘olibi chorak finalda O‘zbekiston va Avstraliya juftligida g‘olib bo‘lgan jamoaga qarshi yarim final yo‘llanmasi uchun maydonga chiqadi.