NYT: Tramp va uning yordamchilari inauguratsiyagacha rossiyaliklar bilan 100 dan ko‘proq marta aloqa qilishgan
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning yordamchilari AQShdagi 2016 yilgi prezident kampaniyasi vaqtida rossiyaliklar, jumladan Rossiya hukumati bilan aloqador kishilar bilan 100 dan ko‘proq marta aloqa qilishgan. Bunday tasdiq bilan The New York Times nashri chiqqan. Nashr bunda manbalar, kongressdagi jarayonlar materiallari va AQSh sud bazalaridan olingan ma'lumotga iqtibos keltirgan.
Ma'lum qilinishicha, Trampning 2017 yil yanvardagi inauguratsiyasigacha AQSh prezidentining kamida 17 yordamchisi va maslahatchisi rossiyalik rasmiy va norasmiy shaxslar, ularning vositachilari va Vashingtonda Moskva bilan hamkorlikda ayblanuvchi WikiLeaks tashkiloti bilan aloqa qilgan. Trampning yana kamida 10 yordamchisi bunday aloqalardan xabardor bo‘lgan, biroq ularda ishtirok etmagan. Gap shaxsiy uchrashuvlar, qo‘ng‘iroqlar, elektron maktublar va matnli xabarlar haqida bormoqda. Nashrning eslatishicha, avvalroq Tramp o‘zi va yordamchilari saylovoldi kampaniyasi vaqtida rossiyalik shaxslar bilan aloqa qilmaganini bir necha marta ta'kidlagan.
Nashr hisob-kitobiga ko‘ra, Tramp AQSh Respublikachilar partiyasining 2016 yil iyuldagi qurultoyigacha rossiyaliklar bilan kamida 6 marta aloqaga chiqqan. Tramp shu davr ichida Crocus Group kompaniyasi prezidenti Aras Agalarovdan maktub olgan hamda Moskvada osmono‘par bino qurish loyihasi bo‘yicha Rossiya biznesi vakillari bilan muzokaralar olib borgan.
Trampning o‘rtancha o‘g‘li Kichik Donald Tramp esa saylov kampaniyasi vaqtida Rossiya vakillari va ularning vositachilari bilan kamida 17 marta, kuyovi Jared Kushner 6 marta aloqa qilgan. Ularning ikkovi ham rossiyalik huquqshunos Natalya Veselnitskaya ishtirok etgan Nyu-Yorkdagi uchrashuvda ishtirok etgan. Nashrning ta'kidlashicha, shuningdek, Kushner 2016 yilda Rossiyaning o‘shandagi AQShdagi elchisi Sergey Kislyak bilan uchrashgan hamda Tramp jamoasi va Rossiya o‘rtasida kanalni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini muhokama qilgan.
Nashr saylovoldi kampaniyasi vaqtida rossiyaliklar bilan eng ko‘p aloqaga Trampning sobiq maslahatchisi Rojyer Stoun chiqqanini hisoblab chiqqan. Nashr taxminiga ko‘ra, Stoun rossiyaliklar va WikiLeaks bilan kamida 18 marta bog‘langan. Ta'kidlab o‘tish joizki, Stoun 25 yanvarda hibsga olindi va unga 7 band, jumladan soxta ko‘rsatmalar berish va guvohlarga bosim o‘tkazish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. U keyinroq 250 ming dollar garov puli evaziga ozodlikka chiqarildi.
AQSh maxsus xizmatlari Rossiyani AQShdagi saylov jarayoniga aralashuvda ayblab kelmoqda. Bu holatning tergovi bilan bir yildan ko‘proq vaqtdan beri maxsus prokuror Robert Myuller shug‘ullanib kelmoqda.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024