O‘zbekiston | 15:20 / 28.01.2019
4675
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadaning oltin qazib oluvchi kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni mo‘ljallamoqda

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov Kanadadagi B2Gold kompaniyasi vitse-prezidenti Nil Rider bilan uchrashdi. Muloqot markazida ushbu kompaniyaning O‘zbekistonda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirishi masalasi bo‘lgan. Bu haqida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Kanadaning Lotin Amerikasidagi bir qancha davlatlar va Filippin bo‘yicha sobiq elchisi Nil Rider kompaniya uchun O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik o‘rnatishning strategik ahamiyati to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tgan. Ushbu tashabbusni hayotga tatbiq qilish maqsadida B2Gold kompaniyasi Kanadaning eng ilg‘or texnologiyalarini jalb etishni rejalashtirgan.

Kompaniya vitse-prezidenti shu yilning may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurajak Kanadaning yetakchi kompaniyalari bilan birga keladi. Mazkur muhim tashrif elchixona va 200 kompaniya hamda ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan Kanadaning Rossiya va Yevrosiyodagi Biznes assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etiladi.

O‘zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, Kanada tomoni bilan yurtimiz delegatsiyasi Kanada Izlanuvchilar va developerlar assotsiatsiyasi (Prospectors & Developers Association of Canada (PDAC) a'zolarining 3 – 6 mart kunlari Torontoda o‘tadigan yillik uchrashuvida qatnashish istiqbollarini muhokama qiladi.

Ma'lumot uchun, B2Gold Kanadadagi yetakchi oltin qazib chiqarish kompaniyasi sanaladi. 2018 yil natijalariga ko‘ra kompaniya ishlab chiqarish hajmi 1 million unsiyaga yetgan. Kanada foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha dunyodagi Top-5 davlatdan biridir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid