Bugun klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan 10 futbolchi
Bugun Yevropada qishki transferlarning oxirgi kuni. Angliya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Ispaniyadagi klublar mavsumning ikkinchi qismi uchun tarkibni kuchaytirib olish uchun oxirgi imkoniyatlardan foydalanishadi. Quyida bugun klubini almashtirishi mumkin bo‘lgan 10 nafar futbolchi haqida keltiriladi.
1. Xames Rodriges, «Bavariya»
Kolumbiyalik futbolchi butun faoliyati davomida murabbiylarga qarshi kurashib o‘tmoqda. Avvaliga Rafa Benites, keyin Zinedin Zidan, endi Niko Kovach. Bild nashri xabar berishicha, futbolchi va murabbiy mashg‘ulot vaqtida janjallashib qolgan, Xames «Bavariya»ni shu qishda tark etish haqida qat'iy qaror qabul qilgan, u ortiq Kovach qo‘li ostida futbol o‘ynashni istamayapti. Kolumbiyalik futbolchining myunxenliklar klubi bilan ijara shartnomasi muddati 2019 yil yozigacha, unga amal qilish kerak. Lekin klubga ham u hozirgi kayfiyatida kerak emas. U mavsumning birinchi qismida ham jamoaning kerakli futbolchisi bo‘lmadi. OAVda yozilishicha, u «Real»ga qaytishi yoki «Arsenal»ga ijaraga berilishi mumkin.
2. Olive Jiru, «Chelsi»
Qishki transferlar darchasining oxirgi kunlarida «Chelsi» bosh murabbiyi hujum chizig‘i haqida tanqidiy fikrlar bildirdi. U Azar hujum markazida o‘ynashi «Chelsi»ning boshqa futbolchilariga zarar keltirayotgani,Iguainning transferi esa Olivening o‘rniga ta'sir qilishi haqida gapirdi. U fransiyalik bu futbolchi uchun Xitoy klublaridan takliflar borligi, ammo uning o‘zi faoliyatini Angliyada davom ettirishni yoki Fransiyaga qaytishni istayotganini aytdi. Maurisio Sarri va futbolchi o‘rtasida ziddiyat borligi ko‘rinib turibdi, murabbiy fransuz o‘ziga kerakmasligini ochiq tan olmoqda. Ammo vaqt juda kam qolgan.
3. Eden Azar, «Chelsi»
Ushbu belgiyalik futbolchining «Real»ga o‘tishi haqidagi afsonalar ikki yildan buyon davom etmoqda. Azar hech qachon «Real»ga o‘tish istagini yashirmagan, ammo u Kurtua kabi qat'iyat ham ko‘rsatmagan. «Real» ham katta pul sarflashdan tiyilib kelmoqda. Lekin endi Azarning London klubi bilan shartnomasi muddati yakunlanishiga 1 yildan ortiqroq vaqt qoldi, u yangi shartnoma imzolashni istamadi. Shunday ekan, «Chelsi» endi uni tezroq sotish haqida o‘ylashi kerak, aks holda Yevropaning eng kuchli futbolchilaridan biri 2020 yil yozida jamoani tekinga tark etishi mumkin. Sarri esa «Bornmut»ga qarshi o‘yindan keyin futbolchi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi: «Eden 28 yoshda. Agar u jamoadan ketishni istasa, buni hozir qilgani ma'qul» — bu shuni ko‘rsatadiki, klubdagilar kamida shunday variantni ko‘rib chiqmoqda. Qolaversa, murabbiy bir hafta oldin ham futbolchini tanqid qilgan, u jamoaning asosiy futbolchisi emasligini aytgandi. Belgiyalik futbolchi unga shunday javob qaytardi: «Menga u nima deyishining farqi yo‘q, uning so‘zlari ahamiyatga ega emas. Men o‘z futbolimni o‘ynashda davom etaman».
4. Ze Luish, «Spartak»
Futbolchining o‘zi ketishni istamoqda, «Spartak» prezidenti Leonid Fedun esa transfer haqida boshqacha fikrda. Ze jamoasini o‘zgartirishi haqiqatga yaqin. Lekin «Spartak»dan istalgan yurishni kutish mumkin. «Biz taklifni ko‘rib chiqishimiz uchun pul bilan ko‘mishlari kerak», — degan Fedun. Futbolchiga talabgor bo‘lgan «Galatasaroy» hozircha aniq taklif bergani yo‘q. Balki turklar klubi o‘lim qurolini tayyorlayotgandir? Ya'ni, pulni.
5. Yannik Ferreyra Karrasko, «Dalyan Ifan»
Xitoydagi yoqimsiz sarguzashtlar, mushtlashuv va politsiya tergovidan keyin Yannik bu mamlakatdan ketishni istayotgani aniq. Hozir ayni vaqti: Xitoyda mavsumlar oralig‘idagi tanaffus yana bir oy davom etadi, klubi uni ushlab turolmaydi. Ayni vaqtda «Inter»dan taklif haqida mish-mishlar bor, milanliklar uni Antonio Kandrevaga almashmoqchi, shuningdek, «Arsenal» tomonidan jiddiy qiziqish mavjud, ammo Karrasko hozircha «Dalyan Ifan» futbolchisi hisoblanadi.
6. Sardor Ozmun, «Rubin»
«Rubin»dagi moliyaviy holat shundayki, klub yetakchi futbolchilarini sotishga majbur. Ozmun – yaxshi aktiv, uning Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan keyin qator takliflar paydo bo‘lgan va qozonliklar uning transferidan kamida yaxshigina mablag‘ ishlab olishlari mumkin. Ayni vaqtda unga «Vulverhempton», «Bayyer» va «Anderlext» klublaridan takliflar mavjud. Shuningdek, «Zenit» «PSJ»ga transfer qilingan Paredes o‘rnini Azmun bilan to‘ldirmoqchi. Eronlik bu 24 yoshli futbolchi Rossiya chempionati bilan yaxshi tanish, «Zenit»ni bu to‘la qoniqtiradi. Piterliklar futbolchi uchun 10 mln yevro to‘lashga tayyor. «Vulverhempton» esa futbolchini 2 mln yevro evaziga mavsum oxiriga ijaraga olib, keyinroq uni 13 mln yevro evaziga transfer qilmoqchi.
7. Adriyen Rabo, «PSJ»
Rabo futbol o‘ynamayapti, asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmayapti va shartnomani uzaytirmayapti. Barchasi juda murakkab. Xuddi shunday vaqtda u o‘ziga yangi jamoa tanlash bilan band, lekin uning talablari yuqori. Unga agentlik qiluvchi onasi yozda erkin agentga aylanadigan o‘g‘li shartnomaga rozi bo‘lishi uchun 10 mln yevro miqdorida bonus (ko‘tarma puli) va yiliga 10 mln yevro miqdorida maosh talab qilmoqda. Rabo «Tottenhem» taklifini rad etib bo‘ldi, unga Maurisio Pochettinoning shaxsan o‘zi qiziqish bildirgandi. «Barselona» bilan muzokaralar esa kataloniyaliklar Frenki de Yongni transfer qilishi tufayli to‘xtab qoldi. Raboga «Chelsi», «Liverpul» va «Bavariya» kabi klublardan ham qiziqishlar mavjud.
«PSJ» futbolchisini sotishga va qanchadir miqdorda mablag‘ ishlab olishga qarshi bo‘lmaydi: aks holda u yozda tekinga ketishi mumkin. Lekin «PSJ» prinsip ko‘rsatib, uni mavsum yakunigacha o‘rinbosarlar tarkibida qoldirishi ham mumkin.
Qolaversa, shu kunlarda futbolchining otasi uzoq vaqt davom etgan xastalikdan keyin vafot etdi va bu Adriyenning rejalarini o‘zgartirib yuborishi ham mumkin.
8. Mesut O‘zil, «Arsenal»
Germaniya terma jamoasini mojaro bilan tark etgan futbolchining faoliyatida og‘ir damlar davom etmoqda. O‘zil londonliklar klubining yangi bosh murabbiyi Unai Emeri bilan chiqisha olmadi, futbolchi va murabbiy «Chelsi»da bo‘lgani kabi bir-birini OAV orqali ayblamayapti, ammo murabbiy futbolchini qator o‘yinlarda «taktik sabab» tufayli zayavkaga ham kiritmadi. Bu esa matbuotdagi har qanday bayonotlardan ham og‘riqli. O‘zilga yangi jamoa kerak, ammo u ijaraga ketishni istamayapti. «PSJ» esa uni jarohat tufayli safdan chiqqan Neymarga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda va «Arsenal»ga mavsum oxiriga qadar ijara bo‘yicha taklif yo‘llangan.
9. Joau Miranda, «Inter»
Braziliya termasining sobiq sardori, «Inter» himoyasining sobiq almashtirib bo‘lmas futbolchisi joriy mavsumda asosiy tarkibda o‘ynash nimaligini unutdi. O‘yin amaliyoti yo‘qligi tufayli u klub rahbariyatidan o‘zini transferga qo‘yishni so‘ragan. Mirandaga «Vest Hem» va «Roma»dan ijara bo‘yicha takliflar bor, ammo «Inter» yozda shartnomasi muddati yakunlanadigan futbolchisini ijaraga bermoqchi emas va sotib olish bo‘yicha takliflarni kutmoqda.
10. Mishi Batshuayi, «Valensiya»
Belgiyalik futbolchining ijarama-ijara yurishi davom etadi. «Valensiya»da Batshuayi o‘zini ko‘rsata olmadi: u Ispaniya chempionatida atigi bitta gol urgan, oktabr oyidan beri startda ko‘rinish bermagan. «Valensiya» uni «Chelsi»ga qaytarishga qarshimas, ammo londonliklar uni o‘ynatmoqchi emas. Mishiga APLning bir qator klublaridan takliflar bor, jumladan, «Everton»dan. Lekin bu klublar futbolchini transfer qilishi uchun ham «Valensiya», ham «Chelsi» bilan kelishishi kerak, vaqt esa oz qolmoqda.
Mavzuga oid
17:35 / 06.02.2024
Manba: «Bavariya» Abbosbek Fayzullayevga qiziqish bildirmoqda
16:29 / 03.08.2022
Fabregas «Komo»da va futbol tarixidagi eng kutilmagan boshqa transferlar
16:44 / 18.05.2022
APLdagi rekord transferlar. Kimlar ishonchni oqladi va kimlarga hali vaqt berish lozim?
14:42 / 02.08.2021